Yangiliklar

Polsha delegatsiyasi O‘zbekistonga Stalin davridagi deportatsiya qurbonlarini xotirlash uchun tashrif buyurdi

Bu yil Stalin davridagi majburiy deportatsiyalar boshlanganiga 85 yil to‘ldi
Polsha delegatsiyasi O‘zbekistonga Stalin davridagi deportatsiya qurbonlarini xotirlash uchun tashrif buyurdi / Foto: Wikipedia

Polsha hukumati vakillari va faxriylar delegatsiyasi Markaziy Osiyoga — Qozog‘iston va O‘zbekistonga — Ikkinchi jahon urushi davrida sodir bo‘lgan sovet deportatsiyalari qurbonlarini yod etish maqsadida tashrif buyurdi.

Bu yil Polsha xalqining tarixidagi og‘ir sahifalardan biri — Stalin davridagi majburiy deportatsiyalar boshlanganiga 85 yil to‘ldi. Aynan shu munosabat bilan o‘tkazilayotgan xotira tadbirlari yuz minglab polyaklarning SSSRning ichki hududlariga zo‘rlik bilan olib ketilgan fojiali taqdirini esga olishga qaratilgan.

Delegatsiya tarkibiga Polsha Faxriylar va repressiyaga uchragan shaxslar ishlari boshqarmasi vakillari, Sibirliklar bosh ittifoqi a’zolari hamda deportatsiyani o‘z boshidan kechirgan 40 nafar kishi kirgan. Ular orasida surgunda tug‘ilgan Adam Mitelshteyd ham bor. U safar oldidan shunday dedi:

«Bizning har birimiz Qozog‘istonda yoki O‘zbekistonda tug‘ilganmiz. Ota-onalarimiz, bobolarimiz abadiy orom topgan. Bizni birlashtiruvchi narsa — o‘tmishni eslab, uni avlodlarga yetkazishdir».

Tarixchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, polyaklarning ommaviy deportatsiyasi 1940-yilda SSSR hukumatining buyrug‘i bilan boshlangan. «Ishonchsiz» deb topilgan fuqarolar yuk vagonlarida og‘ir sharoitlarda olib ketilgan. Taxminlarga ko‘ra, Sovet Ittifoqining turli hududlariga bir necha yuz mingdan bir milliongacha polyak deportatsiya qilingan. Aniq raqam hanuz noma’lum.

Safar davomida delegatsiya Qozog‘iston va O‘zbekistondagi to‘rtta polyak harbiy qabristonini ziyorat qilib, guldasta qo‘yish marosimlari va xotira tadbirlarini o‘tkazadi. Shuningdek, ular polyak diasporasi vakillari hamda ikki davlat rasmiylari bilan uchrashuvlar o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Polsha meva-sabzavot eksportida hamkorlik qilishi haqida yozgan edik.