Yangiliklar

Prezident Ozarbayjonda bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida ishtirok etadi

Yig‘ilish “Mintaqaviy tinchlik va xavfsizlik” mavzusida bo‘lib o‘tadi
Prezident Ozarbayjonda bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida ishtirok etadi / Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan 6–7-oktyabr kunlari amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, MirziyoyevTurkiy davlatlar tashkilotining Gabala shahrida o‘tkaziladigan navbatdagi sammitida ishtirok etadi. Yig‘ilish «Mintaqaviy tinchlik va xavfsizlik» mavzusida bo‘lib, unda tashkilot doirasida ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirish masalalari muhokama qilinadi.

Sammit davomida siyosat, savdo-iqtisodiyot, innovatsiya, investitsiya, energetika, transport-kommunikatsiya, gumanitar hamda boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi amaliy hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, delegatsiyalar rahbarlari xalqaro siyosatning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashadilar. Sammit yakunida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan bir qator qo‘shma qaror va hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidentini tug‘ilgan kuni bilan tabriklagan edi.