Qor bo‘roni tufayli mingga yaqin sayyoh Everestda qolib ketdi

Everestning sharqiy yonbag‘rida kuchli qor bo‘roni sabab qutqaruv amaliyoti olib borilmoqda. Yomg‘ir va qor tufayli cho‘qqidan taxminan ming nafar odam tusha olmay qolgan.
Qutqaruvchilar va mahalliy aholining yordami bilan 4,9 ming metr balandlikdagi qor bosgan yo‘llar tozalanmoqda. Hozirgacha 350 kishi evakuatsiya qilindi, yana 200 nafar sayyoh bilan aloqa o‘rnatildi.
Qor yog‘ishi 4-oktabr kuni kechqurun boshlangan va ertasi kuni yanada kuchaygan. Shu sabab ko‘plab guruhlar orqaga qaytishga majbur bo‘lgan. 29 yoshli sayyoh Geshua Chenning aytishicha, ularning guruhini ham bo‘ron bosib qolgan, ertalab esa qor bir metrga yetgan.
«Biz hammamiz tajribali sayyohlarmiz, ammo bu bo‘ron juda kuchli bo‘ldi. Omadim bor ekan», — deydi u.
Hozirda Xitoyda «oltin hafta» — ko‘plab odamlar mamlakat bo‘ylab sayohat qiladigan davr. Shu bois Cho-Oyu bazaviy lageri va Karma vodiysiga olib boruvchi mashhur yo‘llarda odamlar gavjum bo‘lib qolgan.
Avvalroq Nepalda kuchli yomg‘ir oqibatida kamida 44 kishi halok bo‘lgani xabar qilingandi. Eng ko‘p talafotlar Illam tumanida qayd etildi — bu hudud Hindiston bilan chegaradosh bo‘lib, choy yetishtirish bilan mashhur. Kuchli yomg‘ir natijasida butun boshli qishloqlar ko‘chkilar ostida qolgan, yo‘llar vayron bo‘lgan.