
Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida o‘tkazilgan Mayiz sayli festivali doirasida «Samarqand mayizi» geografik ko‘rsatkichi va «Qo‘shrabot mayizi» tovar belgisi davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.
Festival doirasida qishloq xo‘jaligi yarmarkasi, mayizchilikka bag‘ishlangan anjuman va konferensiyalar tashkil etildi.

Shuningdek, o‘tgan yili viloyat bog‘bonlari 663 ming tonna uzum yetishtirgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 700 ming tonnaga yetishi kutilmoqda. Yilning birinchi yarmida esa 2 ming tonna uzum va 34,2 ming tonna mayiz eksport qilingan.
Qo‘shrabot tumanidagi dehqon va tomorqa xo‘jaliklari 7 ming gektardan ortiq maydonda uzum yetishtirmoqda. Har yili 50 – 55 ming tonna hosil olinib, uning katta qismi mayiz ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi.

Tadbir yakunida Adliya vaziri Akbar Toshqulov «Samarqand mayizi» geografik ko‘rsatkichi ro‘yxatidan o‘tganini tasdiqlovchi hujjatni viloyat rahbariga topshirdi. Shuningdek, «Qo‘shrabot mayizi» tovar belgisi guvohnomasi ham tuman hokimiga taqdim etildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samarqandda respublikadagi birinchi yerosti chiqindi majmuasi ishga tushgani haqida yozgandi.