
«Shargʻunkoʻmir» aksiyadorlik jamiyatidagi 99,55 foiz davlat ulushi ochiq savdoga qoʻyildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, jarayonni samarali tashkil etish uchun «Alkes Research» MChJ konsultant sifatida jalb qilingan. Savdo jarayoni ikki bosqichda oʻtkaziladi. Avval sotib olishga qiziqish bildirganlar ariza topshiradi, keyin esa majburiyatga ega bo‘lgan takliflarni taqdim etish bosqichi boshlanadi. Talabgorlar arizalarini oʻzbek, rus yoki ingliz tillarida 2025-yil 14-noyabr kuni soat 23:59 gacha info@alkes.co elektron manziliga yuborishi mumkin.
Ishtirokchilardan moliyaviy resurslarga ega boʻlish, sud ishlari yoki taqiqiy holatlar mavjud emasligi, xalqaro sanksiyalar roʻyxatida boʻlmaslik va davlat kompaniyasi hisoblanmaslik talab etiladi. Keyingi bosqichga oʻtgan ishtirokchilar maxsus shartnomalar imzolagan holda korxonaning moliyaviy va huquqiy hisobotlari bilan tanishadi. Yakuniy bosqichda esa majburiy taklif bilan birga 1 foiz miqdorida kafolat toʻlovi ham oʻtkaziladi.
Ma’lumot o‘rnida, Shargʻunkoʻmir Surxondaryo viloyati Shargʻun tumanida joylashgan boʻlib, yiliga 900 ming tonna koʻmir qazib chiqarish imkoniyatiga ega. 2024-yilda ham shuncha hajmda ishlab chiqarish amalga oshirilgan. Korxona 38,6 million tonna isbotlangan zaxiraga ega, oʻzining temiryoʻl infratuzilmasi va boyitish zavodi mavjud.
Bundan oldin Navoiy viloyatida joylashgan Pirali oltin koni 99 milliard so‘mga sotilgani xabar qilingandi. Savdolar natijasida konni geologik o‘rganish huquqi NBK 111 kompaniyasiga berildi. Kompaniya kon uchun 99,09 milliard so‘m to‘lashga rozi bo‘ldi. Bu miqdor boshlang‘ich narxdan qariyb 24 baravar yuqoridir.