
Stokgolmda 6-oktabr kuni fiziologiya yoki tibbiyot boʻyicha 2025-yilgi Nobel mukofoti sohiblari eʼlon qilindi. Bu yilgi eng nufuzli ilmiy mukofot immunitet tizimining boshqaruv mexanizmlaridan biri periferik tolerantlikni oʻrganish borasidagi tadqiqotlar uchun berildi.
Mukofotga amerikalik olimlar Meri Brunkov (Sietldagi Tizimli biologiya instituti), Fred Ramsdell (San-Fransiskodagi Parker rakka qarshi immunoterapiya instituti) hamda yaponiyalik professor Shimon Sakaguchi (Osaka universiteti) loyiq deb topildi.
Ular immun tizimining organizm oʻz hujayralariga hujum qilmaslik qobiliyati — periferik immun tolerantlik mexanizmini aniqlab, autoimmun kasalliklarni tushunishda muhim yoʻl ochib berdi.
Taʼkidlanishicha, immunitet tizimining asosiy vazifasi — organizmni virus va bakteriyalardan himoya qilish. Biroq u nafaqat tashqi patogenlarni aniqlab, balki oʻz hujayralariga qarshi hujum qilmaslikni ham taʼminlashi kerak. Brunkov, Ramsdell va Sakaguchining ishlari aynan shu murakkab jarayon mexanizmlarini ochib berdi.
Joriy yilgi mukofot miqdori 11 million shved kronini (taxminan 1 million yevro) tashkil qiladi. Shu bilan, tibbiyot boʻyicha Nobel mukofoti tarixda 115-marta topshirildi.
Avvalgi yillarda ushbu mukofot:
- 2024-yilda amerikalik olimlar Viktor Ambros va Geri Ravkungga — mikroRNK molekulalarini kashf etgani uchun;
- 2023-yilda Dryu Vaysman va Katalin Karikoga — COVID-19 ga qarshi mRNK-vaksinalar ishlab chiqish imkonini bergan ishlari uchun;
- 2022-yilda esa shved olimi Svante Paaboga — neandertal genomini oʻrganish boʻyicha tadqiqotlari uchun berilgan edi.
Shu tariqa 2025-yilgi Nobel haftaligi boshlandi. Ertaga fizika boʻyicha laureatlar eʼlon qilinadi, undan keyin kimyo, adabiyot, tinchlik va iqtisodiyot boʻyicha gʻoliblar navbatma-navbat maʼlum qilinadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev Trampni tinchlik boʻyicha Nobel mukofotiga nomzod qilib koʻrsatgani haqida xabar bergan edi.