Toshkent hokimiga sobiq «Toshturma» hududidagi xiyobon qurilishi bo‘yicha so‘rov yuborildi

Oliy Majlis Senati Toshkent shahar hokimiga sobiq «Toshturma» hududi bo‘yicha senatorlik so‘rovi yubordi. Yuqori palata xabariga ko‘ra, gap Yunusobod tumani Namangan ko‘chasidagi sobiq tergov hibsxonasi hududida qurilishi rejalashtirilgan zamonaviy xiyobon haqida bormoqda.
2018-yildagi Vazirlar Mahkamasi farmoyishiga muvofiq, sobiq tergov hibsxonasi hududi shahar hokimligi balansiga o‘tkazilib, u yerda dam olish maskani barpo etilishi belgilangandi. Oradan ancha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, farmoyishda belgilangan vazifalar ijrosi to‘liq ta’minlanmagan. Aksincha, hudud qarovsiz qolib, ayrim kompaniyalar tomonidan xususiy maqsadlarda foydalanishga urinishlar kuzatilayotgani aholining e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Shu sababli Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sayyora Abdikarimova Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqovga senator so‘rovi yuborib, hududning hozirgi ahvoli, kechikish sabablari va xiyobon qurilishi bo‘yicha amaliy choralar yuzasidan tushuntirish berishni so‘radi.
Bundan avval Toshkent shahar prokuraturasi Grand Mir mehmonxonasi bo‘yicha vaziyatga munosabat bildirgandi. Unga ko‘ra, ushbu hududda besh qavatdan yuqori bo‘lmagan binolarni qurish mumkinligi ko‘rsatilgan. Shuningdek, idora yangi loyihani kelishish bo‘yicha Shaharsozlik kengashiga hech qanday hujjat kelib tushmaganini ta’kidladi.