
Toshkent shahridagi Maxtumquli ko‘chasining bir qismi noyabrgacha yopiladi. Bu haqda Yashnobod tuman hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, Toshkent kichik halqa avtomobil yo‘lining Maxtumquli ko‘chasi bilan kesishmasidagi ko‘prik ostida yo‘l infratuzilmasini yangilash ishlari olib boriladi. Shu sababli ushbu hududda avtomobillar harakati 2025-yil 1-noyabrgacha cheklanadi.

Hokimlik ta’mirlash ishlari yakunlangach, 1-noyabrdan yo‘l harakati to‘liq tiklanishini qo‘shimcha qildi.
Bundan avval Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi Qumariq ko‘chasi joriy yilning 2 – 15-oktabr kunlari issiqlik tarmoqlarini almashtirish ishlari sababli yopilishi xabar qilingandi.
Boshqarma ta’mirlash davrida tirbandliklar yuzaga kelishi mumkinligini, shu sababli yo‘lovchilarga safarlarini oldindan rejalashtirishni tavsiya qilgan.