Yangiliklar

Uzbekistan Airports zilzila paytida «Aeroflot» samolyotining ikkinchi aylanishiga izoh berdi

Zilzila vaqtida uchish-qo‘nish yo‘lagida yoriqlar paydo bo‘lishi, uskunalar joyidan siljishi yoki aloqa uzilishlari mumkin
аэропорта Ташкента
Foto: Uzbekistan Airports

6-oktabr kuni Toshkentda sodir bo‘lgan zilzila vaqtida Moskva — Toshkent yo‘nalishidagi «Aeroflot» samolyoti qo‘nishda ikkinchi aylanishga majbur bo‘ldi. Uzbekistan Airports bu holatni odatiy xavfsizlik chorasi sifatida tushuntirdi.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, bunday qaror uchish-qo‘nish yo‘lagining holatini tekshirish va aerodrom infratuzilmasi xavfsizligiga ishonch hosil qilish uchun qabul qilinadi. Zilzila vaqtida uchish-qo‘nish yo‘lagida yoriqlar paydo bo‘lishi, uskunalar joyidan siljishi yoki aloqa uzilishlari mumkin.

Shu sababli aerodrom xodimlari darhol yo‘lak va atrofdagi jihozlarni tekshiradi. Uzbekistan Airports ta’kidlashicha, bu nafaqat mantiqiy, balki Xalqaro aviatsiya qo‘llanmalari talablarida belgilangan tartibdir.

Eslatib o‘tamiz, 6-oktabr kuni tungi vaqtda Qirg‘izistondagi yetti balli zilzila O‘zbekistonning beshta hududida sezildi.

Unga ko‘ra, hodisaning magnitudasi 5,7, chuqurligi 10 km, episentrda sezilish kuchi 7 ballni tashkil etdi. O‘zbekiston hududida zilzila Namangan, Andijon, Farg‘ona, Sirdaryo viloyati va Toshkent shahrida 2 – 4 ball oralig‘ida sezildi.