Yangilangan Zeekr 001 avtomobili qanday xususiyatlarga ega

6-oktabr 2025 15:21 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Zeekr 001 avtomobili
Yangilangan Zeekr 001 avtomobili qanday xususiyatlarga ega / Foto: CarNewsChina

Xitoyning Zeekr kompaniyasi tomonidan yangilangan Zeekr 001 modelining interyeri taqdim etildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

Avtomobilning rasmiy taqdimoti 11-oktabr kuni bo‘lib o‘tadi va shu kundan boshlab yetkazib berishlar boshlanishi kutilmoqda.

Interyer va texnologiyalar

Yangi modelda eng katta o‘zgarishlar interyer va texnologiyalarga qaratilgan. Salon dizayni Starry Sky Concert Hall kontseptsiyasiga asoslangan. Boshqaruv paneli markazida endi 16 dyuymli 3,5K aniqlikdagi sensorli ekran joylashgan. Oldingi modeldagi ekran 15,05 dyuym va 2,5K aniqlikda edi. Yangi ekran 30 daraja burchakda aylanish imkoniyatiga ega.

Foto: CarNewsChina

Bundan tashqari, 13,02 dyuymli asboblar paneli, 8 dyuymli orqa boshqaruv ekrani, 39,3 dyuymli AR-HUD tizimi va 29 ta dinamik o‘rnatilgan. Salonning katta qismi Nappa charm bilan qoplangan, markaziy konsolda esa zamsh material ishlatilgan.

Orqa o‘rindiqlar maksimal 125 daraja og‘ish imkoniyatiga ega bo‘lib, oyoq qo‘ygich va oyoq tayanchi bilan jihozlangan. Oyoq tayanchi 350 millimetrgacha cho‘zilib, 87 daraja diapazonda sozlanadi. Old o‘rindiqlarda 20 nuqtali massaj funksiyasi mavjud, orqa o‘rindiqlarda esa 12 nuqta faol ishlaydi.

Qiziqarli yangiliklardan yana biri — panjarali tom (sunroof) orqa boshqaruv ekrani orqali turli yulduz turkumlari naqshini namoyish etishi mumkin. Buning uchun oynaga 500 dona yorug‘lik moduli o‘rnatilgan.

Foto: Zeekr

Oldindan buyurtmalar va narx siyosati

Zeekr 001 uchun oldindan buyurtmalar 23-sentabrda boshlangan. Rasmiy taqdimotgacha 2000 yuan (279 dollar) depozit to‘lagan mijozlar yakuniy narxda 7000 yuan (983 dollar) chegirma olish imkoniyatiga ega.

Tashqi ko‘rinish

Avtomobilning tashqi ko‘rinishi katta o‘zgarishlarga uchramagan. Xaridorlar kuzov, logo, spoiler, oynalar, bamperlar, disklar va tormoz kaliprlari uchun turli rang variantlarini tanlashi mumkin. Korpus o‘lchamlari 4977×1999×1545 mm, g‘ildirak bazasi esa 3005 mm.

Foto: Zeekr

Texnik xususiyatlar

Yangilangan Zeekr 001 ikki xil versiyada taqdim etiladi. Orqa g‘ildirakdan tortuvchi modelda 370 kVt (489 ot kuchi) elektr motor, 103 kVt·soatli CATL Qilin batareyasi o‘rnatiladi. Bu versiya CLTC sikliga ko‘ra 810 km masofaga ega va 0 dan 100 km/soat tezlikka 4,98 soniyada chiqadi. Batareya 6C tezkor zaryadlash orqali atigi 10 daqiqada 10 foizdan 80 foizgacha to‘ldirilishi mumkin.

Foto: Zeekr

To‘liq g‘ildirakdan tortuvchi versiya esa qo‘shimcha 310 kVt quvvatli old motor bilan jihozlanib, jami 680 kVt (912 ot kuchi) quvvat beradi. Bu variant 95 kVt·soatli Golden Brick yoki 103 kVt·soatli CATL Qilin batareyasi bilan taqdim etiladi. Yoqilg‘i zaxirasi CLTC bo‘yicha 710 km yoki 762 km bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Zeekr 9X’ning arzon nusxasi ishlab chiqarilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek