Bahodir Jalolov navbatdagi gʻalabasini qoʻlga kiritdi

7-oktabr 2025 10:05 eʼlon qilindi

Mirjalol Norqobilov

Mirjalol Norqobilov

Yangiliklar muharriri m.norqobilov@kursiv.media
Foto: IBA

Oʻzbekistonlik superogʻir vazn toifasidagi professional bokschi Bahodir Jalolov oʻzining magʻlubiyatsiz seriyasini davom ettirdi. U 6-oktabr kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida boʻlib oʻtgan IBA Pro 10 turnirida mahalliy sportchi Vitaliy Kuduxovga qarshi ringga chiqdi.

8 raundga moʻljallangan jang toʻliq davom etdi. Bahs yakunida barcha hakamlar bir ovozdan oʻzbekistonlik charm qoʻlqop ustasining gʻalabasini eʼtirof etdi — 77:73, 77:74, 78:72. Jalolov jang davomida raqib ustidan toʻliq nazoratni ushlab turdi va aniq zarbalari bilan ustunlikni qoʻlga kiritdi.

Eslatib oʻtamiz, Bahodir Jalolov avvalroq Qozogʻistonning Ostona shahrida ukrainalik Igor Shevadzutskiyga qarshi jang oʻtkazib, hakamlar qaroriga koʻra gʻalaba qozongan edi. Shuningdek, u yoz oyida AQShning Nyu-York shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan boks oqshomida italiyalik Janmarko Kardiloga qarshi ringga chiqishi kerak edi. Biroq raqib sogʻligʻi bilan bogʻliq muammolar tufayli jang bekor qilingan.

Maʼlumot uchun, Bahodir Jalolov professional ringda hozirgacha 16 marta jang o‘tkazgan. Ulardan 14 tasida u raqibini nokaut bilan mag‘lub etgan, yana ikki jangda esa ochkolar hisobida g‘alaba qozongan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Bahodir Jalolovning navbatdagi raqibi va jang sanasi maʼlum boʻlgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek