Chevrolet Onix avtomobilining qanday kamchiliklari bor

7-oktabr 2025 17:44 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet Onix avtomobili
Chevrolet Onix avtomobili / Foto: Samijon Juraqulov / Kursiv Uzbekistan

Chevrolet Onix O‘zbekiston haydovchilari orasida tez mashhurlikka erishdi. Misol tariqasida, yanvar-avgust oylarida 14,2 ming dona xarid qilingan. Kursiv Uzbekistan nashrining ushbu maqolasida Chevrolet Onix avtomobili va uning kamchiliklari haqida batafsil so‘z yuritiladi.

Ushbu maqoladan quyidagilarni bilib olasiz:

Texnik muammolar

Yonilg‘i sifati va dvigatel talabi

Foto: Kursiv Uzbekistan

Onix’ning 1,2 litrli, uch silindrli dvigateli texnik jihatdan murakkab. U faqat yuqori sifatli, AI-95 markali benzinni talab qiladi. Ishlab chiqaruvchi past oktanli yoqilg‘i — AI-91 yoki AI-80 quyishni qat’iyan tavsiya etmaydi, aks holda dvigatel ishlashida nosozliklar, hattoki turbokompressor muammolari yuzaga kelishi mumkin. Ba’zi mutaxassislar hatto turbo versiyalarga AI-98 benzin quygani maqsadga muvofiq deb hisoblaydi. Shu bois, ko‘pchilik haydovchilar odatdagidek arzonroq yoqilg‘idan foydalana olmasligi — Onix uchun kichik, ammo sezilarli minus sanaladi.

Tez-tez texnik xizmat zarurati

Foto: Samijon Juraqulov / Kursiv Uzbekistan

Onix dvigatelining sog‘lom ishlashi uchun muntazam servisga e’tibor talab etiladi. Rasmiy tavsiyalarga ko‘ra, har 5-6 ming kilometrda moy va filtrlar almashtirilishi kerak. Bu esa ko‘pchilik budjet modellarga nisbatan ancha qisqa oraliqdir. Shuningdek, Onix’ga gaz uskunasi (metan yoki propan) o‘rnatish mumkin emas — avtomobil bunga konstruktiv jihatdan moslashtirilmagan. Agar haydovchi bunday o‘zgartirish kiritsa, zavod kafolati bekor bo‘ladi. O‘zbekiston sharoitida gazda yuradigan mashinalarga o‘rganib qolgan haydovchilar uchun bu muhim cheklov sanaladi.

Uch silindrli motorning tebranishi

Foto: Kursiv Uzbekistan

Uch silindrli motorning tabiiy muvozanati pastroq bo‘lgani sababli, Onix salonida, ayniqsa avtomobil xolostoy rejimda turganda, yengil tebranish sezilishi mumkin. Bu holat texnik jihatdan normal bo‘lsa-da, ko‘pchilik haydovchilar uchun tirbandlikda yoki svetoforda to‘xtaganda noqulaylik tug‘diradi. Bu tebranishlar Onix konstruksiyasi uchun xos bo‘lib, avtomobilni ishlatish xavfsizligiga ta’sir qilmaydi, biroq haydovchi va yo‘lovchilar sezadigan komfort darajasini biroz pasaytiradi.

Salon qulayligi va foydalanishdagi kamchiliklar

Salon materiali va yig‘ilish sifati

Foto: Kursiv Uzbekistan

Onix salonining dizayni zamonaviy, ammo ishlatilgan plastik qismlar qattiq. Premium komplektatsiyalardagi qizil choklar interyerni biroz chiroyli ko‘rsatsa-da, umumiy sifat darajasi hali ham budjet segmentiga xos.

Ergonomika va mayda qulayliklar

Foto: Kursiv Uzbekistan

Modelda sensorli ekran, isitiladigan o‘rindiqlar kabi funksiyalar mavjud. Biroq ayrim mayda qulaylik elementlari yo‘q: masalan, esdalik buyumlar uchun joylar kam, yukxona eshigida ichki tutqich o‘rnatilmagan, quyosh soyabonlarida esa yoritgichlar yo‘q. Bu kichik detallarning yo‘qligi kundalik hayotda sezilarli bo‘lishi mumkin.

Sig‘im va yurish qulayligi

Foto: Samijon Juraqulov / Kursiv Uzbekistan

Orqa o‘rindiqlarda oyoq joyi yetarli, yukxona hajmi 469 litrni tashkil etadi. Biroq bu ko‘rsatkich Cobalt’dagidan (545 litr) kichikroq. Shuningdek, Onixning podveskasi qattiq bo‘lib, notekis yo‘llarda silkinish kuchliroq seziladi. Klirensi atigi 136 mm, bu esa chekka yo‘llarda ehtiyotkorlikni talab qiladi. Shunday bo‘lsa-da, qattiq podveska avtomobilni yuqori tezlikda barqaror ushlab turadi.

Xavfsizlik masalalari

Crash-test natijalari va himoya tizimlari

Avvalgi, 2012–2018-yillarda ishlab chiqarilgan Onix modellari Lotin NCAP sinovida nol yulduz baho olgan edi. Bunda yon xavfsizlik yostiqchalari mavjud emasligi sabab bo‘lgan. Yangi avlod Onix (2020-yildan boshlab) esa 5 yulduz natija qayd etdi. Biroq O‘zbekistonda sotilayotgan versiyalarda faqat 4 ta airbag mavjud, holbuki Chevrolet Tracker modelida 6 taga qadar o‘rnatiladi. Shuningdek, orqa baraban tormozlar qo‘llanilgan, bu esa zamonaviy disk tormozlarga nisbatan eskirgan yechim hisoblanadi. ESP va ABS tizimlari mavjud, lekin maksimal xavfsizlikni istovchilar uchun bu to‘plam hali ham soddaroq ko‘rinadi.

Avvalroq Chevrolet avtomobillarining yonilg‘i iste’moli haqida yozgan edik.

Shuningdek