Yangiliklar

Dunyoning eng keksa erkagi 113 yoshni qarshiladi

Uning 22 nabirasi, 15 chevarasi va 3 evarasi bor
Dunyoning eng keksa erkagi 113 yoshni qarshiladi
Dunyoning eng keksa erkagi 113 yoshni qarshiladi. Foto: ijtimoiy tarmoq

Ginnesning rekordlar kitobi dunyodagi eng keksa erkak sifatida braziliyalik Juan Marino Netuni tan oldi. U yaqinda o‘zining 113 yoshini qarshi oldi.

Tashkilot ma’lum qilishicha, Juan Marino Netu o‘zining tug‘ilgan kunini katta bayram bilan nishonlagan.

«Dunyodagi eng keksa inson Juan Marino Netuning 113 yilligi bilan tabriklaymiz. Bugun u ushbu muhim voqeani yaqinlari bilan nishonlamoqda», deyiladi tashkilot matbuot xizmati xabarida.

Netu «Dunyoning eng keksa erkagi» unvonini 2024-yilning noyabr oyida Buyuk britaniyalik Jon Tinnisvud vafotidan keyin olgan.

Juan Marino Netu 1912-yilda tug‘ilgan va ikki turmushidan yettita farzand ko‘rgan. Uning 22 nabirasi, 15 chevarasi va 3 evarasi bor.

U o‘zining dunyodagi eng keksa erkak ekanini yaxshi biladi.

«Mendan keksa erkak yo‘q — faqat ayollar bor!» degan u hazilomuz tarzda.

Avvalroq Hindistonda dunyoning eng keksa marafon yuguruvchisi Fauja Singh 114 yoshida yo‘l-transport hodisasi oqibatida vafot etgani haqida xabar qilingandi. Unga ko‘ra, 1911-yilda tug‘ilgan Singh Panjob shtatidagi Beas qishlog‘i yaqinida piyoda yurgan vaqtda noma’lum avtomobil urib ketgan.

Og‘ir jarohat olgan sportchi Jalandhar tumanidagi Shrimann shifoxonasida hayotdan ko‘z yumgan. Hodisada ayblanayotgan 26 yoshli shaxs kuzatuv kamerasi orqali aniqlanib, hibsga olingan.