Sport

Futzal: Oʻzbekiston Toshkentda Qozogʻiston bilan oʻynaydi

Foto: O‘FF

Osiyo kubogi – 2026 final bosqichiga yoʻllanma olgan Oʻzbekiston futzal milliy terma jamoasi navbatdagi oʻrtoqlik uchrashuvini Toshkentda Qozogʻiston terma jamoasiga qarshi oʻtkazadi. Bu haqda O‘FF xabar berdi.

Uchrashuv 16-oktabr kuni poytaxtdagi «Yunusobod» sport majmuasida bo‘lib, soat 17:00 da boshlanadi va u har ikki jamoa uchun muhim sinov vazifasini oʻtaydi. Mazkur oʻyin jamoalarga Osiyo kubogi final bosqichi oldidan tarkibni sinab koʻrish va oʻyin amaliyotini oshirish imkonini beradi.

Oʻzbekiston terma jamoasi yaqinda oʻtkazilgan saralash bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etib, 2026-yilgi Osiyo chempionatiga yoʻllanmani qoʻlga kiritgan edi. Qozogʻiston esa Yevropa futzal maktabining eng kuchli vakillaridan biri boʻlib, xalqaro miqyosda yuqori natijalari bilan tanilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan futzal boʻyicha Osiyo Kubogi – 2026 uchun qur’a tashlangani haqida xabar bergan edi.