
Harbiy mahsulotlar va texnikalar bo‘yicha davlat buyurtmasi vazifalari belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, O‘zbekistonda «Davlat mudofaa buyurtmasi to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Mazkur qonun davlat mudofaa buyurtmasi sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
Yangi qonunga ko‘ra, davlat mudofaa buyurtmasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
- mamlakatning milliy manfaatlari va harbiy xavfsizlik ehtiyojlaridan kelib chiqib, buyurtmani shakllantirish va amalga oshirish;
- buyurtmachilarni harbiy va ikki xil maqsadga mo‘ljallangan mahsulotlar bilan o‘z vaqtida hamda kafolatli tarzda qurollantirish va ta’minlash;
- ajratilgan moliyaviy mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanishni ta’minlash.
Davlat mudofaa buyurtmasining loyihasi Davlat komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilib, uning qarori bilan tasdiqlanadi. Shuningdek, bu buyurtma keyingi yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqishda inobatga olinadi.
Avvalroq O‘zbekiston va Ozarbayjon Mudofaa vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik doirasida Qurolli Kuchlar Modellashtirish va simulyatsiya bo‘yicha dala-o‘quv markazida qo‘shma kompyuter qo‘mondonlik-shtab o‘quvi haqida xabar berilgandi. Mashg‘ulotlar xalqaro terroristik va ekstremistik tuzilmalarga qarshi kurash, ularni qurshovga olish va yakson qilish bo‘yicha qo‘shinlarning amaliy harakatlarini tashkil etishga bag‘ishlandi.