Kechga nima ovqat: qoraqalpoqcha aqsaulaq qanday tayyorlanadi

7-oktabr 2025 15:48 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
Kechga nima ovqat: qoraqalpoqcha aksaulak qanday tayyorlanadi
Kechga nima ovqat: qoraqalpoqcha aqsaulaq qanday tayyorlanadi. Foto: ijtimoiy tarmoq

Aqsaulaq – qoraqalpoq xalqining milliy, o‘ziga xos taomi bo‘lib, Kavkaz va Yaqin Sharq xalqlari orasida lavash nomi bilan keng tarqalgan. Bu taom juda mazali bo‘libgina qolmay quvvatga boy taom hamdir. Kursiv Uzbekistan kechki ovqatga aqsaulaq tayyorlashda yordamlashadi.

Kerakli masalliqlar

MahsulotMiqdori
Qo‘y, mol yoki tovuq go‘shti1 kg
Kartoshka2 dona
Piyoz2-3 dona
Sabzi1 dona
Pomidor va yashil bulg‘or qalampiri1 donadan
Tuz va qora murchTa’bga ko‘ra
Suv2 litr
Xamir uchun mahsulotMiqdori
Un320 – 350 g
Tuxum (xohishga ko‘ra)1 dona
Suv100 ml
Tuz1 choy qoshiq

Tayyorlash bosqichlari: go‘shtni qaynatish

Qozonga go‘shtni, bir dona sabzi, piyoz, bulg‘or qalampiri va pomidor ikkiga bo‘lib solinadi. So‘ng sovuq suv quyiladi. Sekin olovda 2-3 soat davomida qaynatiladi. Qaynash jarayonida ustida hosil bo‘lgan ko‘pik muntazam olinadi. Go‘sht yumshashiga yaqin tuz va murch, shuningdek, kartoshkalar ikkiga bo‘lib qo‘shiladi.

Xamir qorish

Aqsaulaq xamiri odatda tayyor holatda Nukus bozorlarida sotiladi. Ammo buni uy sharoitida ham pishirish mumkin. Buning uchun alohida idishda un elab olinadi. Ustiga xohishga ko‘ra, tuxum, suv va tuz qo‘shilib, qattiqroq, qo‘lga yopishmaydigan xamir qoriladi. Xamirni yopib, biroz tindirish uchun chetga qo‘yiladi.

Xamirni yoyish va pishirish

Tingan xamir ikki uchta zuvalaga ajratilib, yupqa, 1,5 – 2 mm qalinlikda yoyiladi. So‘ngra kattaroq tova shaklidagi kengroq qizib turgan qozonga ikki tarafi biroz qizdirib olinadi. Jarayonda u xuddi lavash xamiri kabi qora nuqtalar bilan pishib chiqadi. So‘nga pishib chiqqan xamirlar, uzun-uzun shaklda kesiladi.

Aqsaulaq
Aqsaulaq xamirining tayyor ko‘rinishi. Foto: ijtimoiy tarmoq

Piyozli bulyon tayyorlash

Sho‘rvadan ajratilgan yog‘ alohida kichikroq idishga olinadi. Ustiga yupqa parrak qilib to‘g‘ralgan piyoz solinib, yumshaguncha pishiriladi.

Taomni laganga olish va bezash

Kesilgan tayyor xamir bo‘laklari laganlarga yoyib solinadi. Uning ustidan dastlab piyozli bulyon quyiladi. So‘ng sabzi, kartoshka terib chiqiladi va go‘sht qo‘yiladi.

Aqsaulaq issiq holda dasturxonga tortiladi. Yoniga sho‘rva alohida kosalarda berilishi mumkin (xohishga ko‘ra ko‘katlar bilan). Yoqimli ishtaha!

Avvalroq Kursiv Uzbekistan uy sharoitida laxmadjun qanday tayyorlanishi haqida yozgandi.

Shuningdek