
Aqsaulaq – qoraqalpoq xalqining milliy, o‘ziga xos taomi bo‘lib, Kavkaz va Yaqin Sharq xalqlari orasida lavash nomi bilan keng tarqalgan. Bu taom juda mazali bo‘libgina qolmay quvvatga boy taom hamdir. Kursiv Uzbekistan kechki ovqatga aqsaulaq tayyorlashda yordamlashadi.
Kerakli masalliqlar
Mahsulot | Miqdori |
---|---|
Qo‘y, mol yoki tovuq go‘shti | 1 kg |
Kartoshka | 2 dona |
Piyoz | 2-3 dona |
Sabzi | 1 dona |
Pomidor va yashil bulg‘or qalampiri | 1 donadan |
Tuz va qora murch | Ta’bga ko‘ra |
Suv | 2 litr |
Xamir uchun mahsulot | Miqdori |
---|---|
Un | 320 – 350 g |
Tuxum (xohishga ko‘ra) | 1 dona |
Suv | 100 ml |
Tuz | 1 choy qoshiq |
Tayyorlash bosqichlari: go‘shtni qaynatish
Qozonga go‘shtni, bir dona sabzi, piyoz, bulg‘or qalampiri va pomidor ikkiga bo‘lib solinadi. So‘ng sovuq suv quyiladi. Sekin olovda 2-3 soat davomida qaynatiladi. Qaynash jarayonida ustida hosil bo‘lgan ko‘pik muntazam olinadi. Go‘sht yumshashiga yaqin tuz va murch, shuningdek, kartoshkalar ikkiga bo‘lib qo‘shiladi.
Xamir qorish
Aqsaulaq xamiri odatda tayyor holatda Nukus bozorlarida sotiladi. Ammo buni uy sharoitida ham pishirish mumkin. Buning uchun alohida idishda un elab olinadi. Ustiga xohishga ko‘ra, tuxum, suv va tuz qo‘shilib, qattiqroq, qo‘lga yopishmaydigan xamir qoriladi. Xamirni yopib, biroz tindirish uchun chetga qo‘yiladi.
Xamirni yoyish va pishirish
Tingan xamir ikki uchta zuvalaga ajratilib, yupqa, 1,5 – 2 mm qalinlikda yoyiladi. So‘ngra kattaroq tova shaklidagi kengroq qizib turgan qozonga ikki tarafi biroz qizdirib olinadi. Jarayonda u xuddi lavash xamiri kabi qora nuqtalar bilan pishib chiqadi. So‘nga pishib chiqqan xamirlar, uzun-uzun shaklda kesiladi.

Piyozli bulyon tayyorlash
Sho‘rvadan ajratilgan yog‘ alohida kichikroq idishga olinadi. Ustiga yupqa parrak qilib to‘g‘ralgan piyoz solinib, yumshaguncha pishiriladi.
Taomni laganga olish va bezash
Kesilgan tayyor xamir bo‘laklari laganlarga yoyib solinadi. Uning ustidan dastlab piyozli bulyon quyiladi. So‘ng sabzi, kartoshka terib chiqiladi va go‘sht qo‘yiladi.
Aqsaulaq issiq holda dasturxonga tortiladi. Yoniga sho‘rva alohida kosalarda berilishi mumkin (xohishga ko‘ra ko‘katlar bilan). Yoqimli ishtaha!
Avvalroq Kursiv Uzbekistan uy sharoitida laxmadjun qanday tayyorlanishi haqida yozgandi.