Meta Oʻzbekistonda oʻz vakolatxonasini ochishni rejalashtirmoqda

Meta kompaniyasi Oʻzbekistonda oʻz rasmiy vakolatxonasini ochish masalasini muhokama qilmoqda. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) matbuot xizmati 7-oktabr kuni maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, agentlikda oʻtgan uchrashuvda Meta kompaniyasining bir qator rahbarlari, jumladan, Janubiy va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun davlat siyosati boʻyicha direktor Sarim Aziz, Markaziy Osiyo, Moʻgʻuliston, Shri-Lanka va Maldiv orollari uchun davlat siyosati rahbari Senura Abeyvardena, shuningdek, Gonkong va Tayvan boʻyicha hukumat aloqalari hamda ijtimoiy tashabbuslar rahbari Aurora Li va Markaziy Osiyo hamda Moʻgʻuliston boʻyicha mintaqaviy menejer Yerasil Kalixan ishtirok etdi.
Uchrashuvda Oʻzbekistonda Meta vakolatxonasini ochish istiqbollari, reklama joylashtirish jarayonida firibgarlikning oldini olish, foydalanuvchilarni himoya qilish, shuningdek, mamlakatda raqamli kontent yaratuvchilarni qoʻllab-quvvatlash va monetizatsiya tizimini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar raqamli xavfsizlik, reklama shaffofligi va masʼuliyatli raqamli xulq-atvor madaniyatini targʻib qilish muhimligini alohida taʼkidladi. Shu bilan birga, raqamli platformalarni tartibga solish va adolatli monetizatsiya tizimini joriy etish boʻyicha bevosita muloqot oʻrnatish hamda tajriba almashish zarurligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzaro hamkorlikni davom ettirish, shuningdek, hamkorlikning muayyan yoʻnalishlarini chuqur oʻrganish boʻyicha kelishuvga erishdi.
Maʼlumot uchun, Meta — Facebook, Instagram, WhatsApp va Threads platformalarini birlashtirgan global texnologiya kompaniyasi. Uning Oʻzbekistonda vakolatxona ochish rejalari ilk bor 2022-yil kuzida Metaʼning Xitoy, Moʻgʻuliston va Markaziy Osiyodagi boshqaruv direktori Jorj Chen tomonidan eʼlon qilingan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Meta AI foydalanuvchi suhbatlaridan reklama maqsadida foydalanishi haqida xabar bergan edi.