Yangiliklar

OʻFA BYD avtomobillari sabab 340 ming dollar jarimaga tortildi

Qarorga O‘zbekiston – Qatar uchrashuvidan keyingi holat sabab bo‘lgan
Foto: O‘FA

Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) Tartib-intizom qoʻmitasi Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasiga (OʻFA) $340 ming miqdorida jarima qoʻlladi. Qarorga 10-iyun kuni Toshkentdagi «Bunyodkor» stadionida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston – Qatar uchrashuvidan keyingi holat sabab boʻlgan.

Ma’lum qilinishicha, oʻyin yakunlangach stadion maydoniga futbolchilarni mukofotlash marosimi uchun BYD rusumli avtomobillar olib kirilgan. Bu esa OFK tomonidan qatʼiy taqiqlangan, chunki tashkilot oʻz homiylari bilan tuzilgan shartnomalarga koʻra, turnirlar davomida maydon va uning atrofida boshqa tijoriy brendlar reklamasiga yoʻl qoʻymaydi.

OFK reglamentiga muvofiq, Jahon chempionati saralash bosqichida ishtirok etayotgan har bir mezbon jamoa xalqaro tashkilot tomonidan moliyaviy mukofot oladi. Shu sababli mezbon mamlakatlardan reklama va homiylik siyosatiga qat’iy rioya etish talab qilinadi. Oʻzbekiston tomon bu qoidani buzgan deb topildi.

Shuningdek, OʻFA oʻyin yakunidan soʻng rasmiy matbuot anjumanini oʻtkazmagani uchun ham alohida tanqidga uchradi. Shu bilan birga, tashkilot xalqaro musobaqalar hujjatlarini belgilangan muddatda topshirmagani uchun yana $1,5 ming jarimaga tortilgan.

OFK qarorida qayd etilishicha, bu OʻFAning soʻnggi yillarda qayd etilgan yettinchi intizomiy buzilishi hisoblanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2027-yilgi FIFA «U-20» Jahon chempionati Oʻzbekiston va Ozarbayjonda oʻtkazilishi haqida xabar bergan edi.