
OnePlus 15T smartfoni haqidagi yangi ma’lumotlar oshkor qilindi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, OnePlus kompaniyasi o‘zining navbatdagi ixcham flagmanini 7000 mA/soatdan ortiq sig‘imdagi akkumulyator bilan jihozlamoqchi.
Kutilishicha, smartfon 6,3 dyuymli displeyga ega bo‘ladi va ixcham o‘lchamiga qaramay, yuqori avtonomlikni ta’minlaydi. Bu OnePlus 15T’ni o‘z sinfidagi eng qudratlisiga aylantirishi mumkin.
Smart Pikachu, shuningdek, yangi modelda ekranga o‘rnatilgan ultratovushli barmoq izi skaneri bo‘lishini ham tasdiqlagan. Qurilma Snapdragon 8 Elite Gen 5 chipsetida ishlaydi, bu esa flagman darajasidagi unumdorlikni kafolatlaydi.
Oldinroq OnePlus 15 modelining batareyasi 7300 mA/soat bo‘lishi haqida ma’lumotlar chiqqan edi, ammo 15T undan ham yuqori natijani ko‘rsatishi mumkin. Solishtirish uchun, Galaxy S25 Ultra 5000 mA/soat, Xiaomi 17 esa 7000 mA/soat sig‘imdagi akkumulyatorga ega.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan OnePlus 15 smartfonining yangi xususiyatlari oshkor bo‘lgani haqida yozgan edi.