
Prezident farmoniga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan O‘zbekistonda chet el fuqarolari uchun maxsus soliq rejimi yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu tartib xorijlik investorlar va mutaxassislarni mamlakatga jalb etishni maqsad qiladi.
Yangi tizimga ko‘ra, quyidagi shartlarni bajargan chet el fuqarolari O‘zbekiston tashqarisida topgan daromadlari uchun daromad solig‘idan ozod etiladi:
- $50 ming miqdorida maxsus yig‘im to‘lash;
- O‘zbekistondagi maxsus vakolatli tijorat bankida bank hisobvarag‘ini yoki maxsus vakolatli kripto-birjada kripto-hamyon ochish.
Bundan tashqari, ketma-ket 12 oy ichida 30 kundan ortiq O‘zbekistonda bo‘lgan va bu yerda uy-joyga egalik qiluvchi shaxslar mamlakatning soliq rezidentlari sifatida tan olinadi.
Avvalroq nogironligi bo‘lgan bolalarga kunduzgi parvarish xizmati ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlari uchun ham imtiyoz qo‘llash taklif etilgan edi. Unga muvofiq, bunday korxonalar 2030-yil 1-yanvargacha barcha soliqlardan (ijtimoiy soliqdan tashqari) ozod etilishi mumkin.