O‘zbekistondagi 20 ta oliy ta’lim muassasasida Hemis AI ishga tushirildi

O‘zbekistonda 20 ta oliy ta’lim muassasasida sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan Hemis AI tizimi test shaklida joriy etildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Bu tizim talabalarning o‘qish jarayonini tahlil qilish, o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarini baholash va shaxsiy rivojlanish bo‘yicha tavsiyalar berishni maqsad qiladi.
Hemis AI yordamida talabalar quyidagi imkoniyatlardan foydalanishi mumkin:
- GPA (baholar) tahlili – o‘qishdagi yutuq va kamchiliklarni aniqlaydi;
- Davomat tahlili – darslarga qatnashish va kechikish holatlarini tahlil qiladi;
- Dars jadvali tahlili – mashg‘ulotlar samaradorligini baholab, optimallashtirishga yordam beradi;
- Tavsiyaviy kurslar – talabaning qiziqishiga mos Coursera kurslarini taklif etadi;
- Plagiat tekshiruvi – mustaqil va ilmiy ishlarning asl nusxada bo‘lishini ta’minlaydi;
- Moliyaviy holat tahlili – to‘lovlar, stipendiya va grantlar bo‘yicha ma’lumot beradi;
- HEMIS Chatbot AI – talabalar so‘rovlariga tezkor javob qaytaradi.
Bundan oldin O‘zbekistonda sun’iy intellektni qo‘llash uchun zarur hisoblash imkoniyatlarini yaratish maqsadida «superkompyuter klasteri»ni yaratish ishlari olib borilayotgani haqida xabar qilingandi. Shuningdek, 2027-yilgacha 1 million yosh sun’iy intellekt bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi rejalashtirilgan. Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun barcha hududlarda Sun’iy intellekt xakatonlari tashkil etiladi.