Qo‘rg‘ontepada qalbaki pul aylantirgan shaxslar qo‘lga olindi

Qo‘rg‘ontepa tumanida qalbaki pul muomalasini amalga oshirgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning tuman bo‘limi, DXX va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro va uning sheriklari ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ular boshqa bir fuqaroga 19,8 mln so‘m miqdoridagi qalbaki pulni 10 mln so‘mga sotishga uringan paytda fosh etilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 176-moddasi («Qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash va ularni o‘tkazish») bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq departament Buxoroda tadbirkorning qariyb 1 mlrd so‘mi talon-toroj qilinganini aniqlagan edi.