Gadjetlar

Samsung Galaxy A15 uchun One UI 8 yangilanishi chiqdi

Yangilanish hajmi taxminan 2 GB
Samsung Galaxy A15
Samsung Galaxy A15 uchun One UI 8 yangilanishi chiqdi / Foto: Samsung

Samsung kompaniyasi tomonidan Samsung Galaxy A15 smartfoni uchun One UI 8 yangilanishi chiqarildi. Bu haqda Samobile nashri xabar bermoqda.

Dastlab yangilanish Janubiy Koreyada foydalanuvchilarga yetkazilgan bo‘lsa, endi uni Hindiston va boshqa mamlakatlarda ham yuklab olish mumkin.

Galaxy A15 egalari «Sozlamalar» bo‘limida «Dasturiy ta’minotni yangilash» menyusiga kirib, «Yuklab olish va o‘rnatish» tugmasi orqali yangilanishni o‘rnatishlari mumkin. Yangilanish hajmi taxminan 2 GB bo‘lib, u bosqichma-bosqich tarqatilmoqda.

Samsung Galaxy A15 2024-yil boshida Android 14 asosidagi One UI 6.1 bilan taqdim etilgan edi. Keyinchalik u One UI 7 versiyasini oldi, endi esa One UI 8 yangilanishiga ega bo‘ldi. Qurilma bundan keyin ham yana ikki yirik Android va One UI yangilanishini qabul qilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy S26 Ultra smartfonining dizayni namoyish etilgani haqida yozgan edi.