Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjondagi Gabala sammitida qanday tashabbuslarni ilgari surdi
eʼlon qilindi
Ozarbayjondagi Turkiy davlatlar tashkilotining Gabala sammitida

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining Gabala sammitida ishtirok etib, turkiy dunyoning siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalardagi o‘rnini yanada kuchaytirishga qaratilgan bir qator tashabbuslarni ilgari surdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbarining asosiy takliflari quyidagilardan iborat:
- Xavfsizlik sohasida hamkorlik: Samarkandda Turkiy davlatlar tashqi ishlar vazirlari va maxsus xizmatlar rahbarlarining birinchi qo‘shma uchrashuvini o‘tkazish;
- Huquqiy asoslarni mustahkamlash: strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnomani tezroq qabul qilish hamda TDTni 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish;
- Iqtisodiy integratsiya: Turkiy davlatlarning Iqtisodiy sheriklik bo‘yicha doimiy kengashini tuzish va uning loyihalar ofisini Toshkentda joylashtirish;
- Yashil iqtisodiyot: «Turkiy yashil yo‘laklar» tizimi va «Yashil transformatsiya» konsortsiumini tashkil etish, shuningdek, organik mahsulotlar uchun yagona brend yaratish;
- Transport va savdo: o‘rta koridorni rivojlantirishni, uni Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li hamda Transafg‘on yo‘lagi bilan bog‘lashni qo‘llab-quvvatlash;
- Investitsiyalar va moliya: Turkiy investitsiya jamg‘armasi faoliyatini kengaytirish va xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik dasturini ishlab chiqish;
- Texnologiyalar: sun’iy intellekt va kreativ iqtisodiyot bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni qabul qilish hamda Turkiy dunyo xalqaro ko‘rgazmasini O‘zbekistonda o‘tkazish;
- Ta’lim va ilm-fan: O‘zbekistonda Turkiy davlatlar xalqaro universitetini tashkil etish.
- Madaniyat va yoshlar: ekstremizmga qarshi kurashish va yoshlarning ekologik savodxonligini oshirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ishlab chiqish;
- Madaniy meros: 2026-yilda «Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodi – Turkiy dunyo ma’naviy hayotida» mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish.
Avvalroq mazkur yig‘ilish «Mintaqaviy tinchlik va xavfsizlik» mavzuida bo‘lib, unda tashkilot doirasida ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirish masalalari muhokama qilinishi haqida xabar berilgandi.