Soxta Prezident administratsiyasi xodimi 3,5 yilga qamaldi

Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida o‘zini prezident administratsiyasi va Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xodimi deb tanishtirgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari Shota Rustaveli ko‘chasida oq rangli Lacetti avtomobilini to‘xtatgan. Haydovchi Javohir Orifjonov o‘zini DXX xodimi sifatida tanishtirib, qalbaki xizmat guvohnomasini ko‘rsatgan. U inspektorlardan uni qo‘yib yuborishni so‘rab, go‘yoki yuqori lavozimdagi tanishiga qo‘ng‘iroq qilgan. Biroq huquqni muhofaza qiluvchi organlar tekshiruv o‘tkazib, uning guvohnomasi soxta ekanini aniqlagan.
Surishtiruvlar davomida aniqlanishicha, Orifjonov ilgari ham sudlangan bo‘lib, o‘zini prezident administratsiyasi, huquqni muhofaza qiluvchi organlardan birining va boshqa yuqori idoralarning xodimi deb tanishtirib, shaxsiy masalalarini hal qilgan. Bunda u oldindan tayyorlab olgan soxta hujjatlaridan foydalangan.
Mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan sud majlisi qaroriga ko‘ra, u 3,6 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilib, manzil-koloniyada jazo o‘tashga hukm qilindi.
DXX mazkur shaxsdan jabrlangan fuqarolarga yaqin atrofdagi ichki ishlar organlariga yoki 102 raqamiga murojaat qilishni tavsiya etdi.
Avvalroq Moskvada o‘zbekistonlik ayol 100 mln rubldan ortiq firibgarlikda gumonlanayotgani haqida xabar berilgandi. Ular o‘zlarini Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoyguning qarindoshlari sifatida tanishtirib, fuqarolarni kriptovalyuta sarmoyasi bahonasida aldashda gumon qilinmoqda.