Yangiliklar

Toshkent metrosida chaqaloq dunyoga keldi

Hozirda ona va chaqaloq sog‘lom, ular shifoxonaga yetkazilgan
chaqaloq
Toshkent metrosida chaqaloq dunyoga keldi. Foto: Unsplash

Joriy yilning 6-oktabr kuni G‘afur G‘ulom metro bekatida chaqaloq dunyoga keldi. Bu haqda Toshkent metropoliteni xabar berdi.

Unga ko‘ra, dastlab metro bekatidagi navbatchi xodima Naima Maxamadjonovaga ichki ishlar xodimi tomonidan bir ayolning sog‘lig‘i yomonlashgani haqida xabar berilgan.

Xodima vaziyatni tezda baholab, o‘ziga o‘rgatilgan tibbiy ko‘nikmalardan foydalanib ayolga birinchi yordam ko‘rsatgan. U ayolning farzandini sog‘-omon dunyoga keltirishiga yordam bergan va chaqaloqning nafas olishini ta’minlab, zarur dastlabki parvarish choralarini ko‘rgan.

Ushbu vaqt ichida tez yordam xizmati va ayolning yaqinlari chaqirilgan, tibbiyot xodimlari kelguniga qadar ona va bola holati metro xodimlari nazoratida bo‘lgan. Hozirda ona va chaqaloq sog‘lom, ular shifoxonaga yetkazilgan.

Bundan avval Uzbekistan Airways bortida chaqaloq dunyoga kelgani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, 19-iyul, shanba kuni Uzbekistan Airways samolyoti bortida o‘g‘il bola dunyoga keldi. Samolyot Istanbul – Toshkent (HY282) yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilgan.