Avto

Toyota 2026-yilda yangi arzon Toyota Land Cruiser FJ modelini taqdim etadi

Toyota Land Cruiser FJ avtomobili qachon taqdim etiladi / Foto: Bestcarweb

Toyota kompaniyasi Toyota Land Cruiser FJ avtomobili (yoki Land Cruiser Mini) ustida faol ishlayotgani rasman tasdiqlandi. Bu haqda Bestcarweb xabar bermoqda.

Yaponiyaning Chubu Keizai Shimbun nashriga ko‘ra, yangi model 2026-yilning fevral oyida Yaponiyada savdoga chiqadi. Uning ilk taqdimoti esa shu yilning oktabr oyi oxirida o‘tkaziladigan Japan Mobility Show ko‘rgazmasida bo‘lib o‘tadi.

Foto: Bestcarweb

Dizayn va platforma

Yangi Land Cruiser FJ Toyota’ning MV-0 platformasiga asoslanadi — bu baza hozirda Hilux Champ pikapida ham qo‘llanilmoqda. Modelning o‘lchamlari ixcham, ammo to‘liq yo‘ltanlamas avtomobilga xos: uzunligi 4550 mm, kengligi 1830 mm, balandligi 1860 mm, g‘ildirak bazasi esa 2750 mm.

Land Cruiser FJ’ning dizayni 2021-yilda taqdim etilgan Compact Cruiser EV konseptidan ilhomlangan. Keyinchalik kompaniya Yevropa bo‘limi yangi suratlarni e’lon qilgan, 2024-yilda esa model dizayni Filippinlarda patentlangan. Avtomobil dumaloq faralar bilan ishlab chiqilishi kutilmoqda, biroq Land Cruiser 250 uslubidagi to‘rtburchak faralar ham variant sifatida taqdim etilishi mumkin.

Foto: Bestcarweb

Texnik jihatlar

Avtomobil kapoti ostida 2,7 litrli 2TR benzin dvigateli joylashadi. Bu to‘rt silindrli agregat 163 ot kuchi quvvat ishlab chiqaradi va xuddi shu motor Land Cruiser 250 modelida ham ishlatiladi. Yangi Land Cruiser FJ to‘liq uzatma tizimi bilan ta’minlanadi, unda Torsen LSD differensiali o‘rnatiladi. Harakat rejimlari ham katta Land Cruiser bilan bir xil bo‘lishi kutilmoqda.

Foto: Bestcarweb

Narx va taqdimot sanasi

Yangi Land Cruiser FJ 2026-yilning fevralida Yaponiyada sotuvga chiqadi. Asosiy versiyaning narxi $26,5 ming atrofida bo‘ladi. Eng yuqori komplektatsiyalar esa $30 mingdan oshmaydi. Shu tariqa, Toyota yangi modelni nisbatan arzon, ammo haqiqiy offroader sifatida taqdim etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan yangi Toyota Corolla 2027-yilda taqdim etilishi haqida yozgan edi.