Avto

Xitoyda taqdim qilinganiga ko‘p bo‘lmagan Avatr 06 elektromobili yonib ketdi

Avatr 06 avtomobili
Xitoyda Avatr 06 elektromobili yonib ketdi / Foto: CarNewsChina

Xitoyda Changan, Huawei va CATL kompaniyalari ishlab chiqargan yangi Avatr 06 elektromobili yonib ketdi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

Hodisa oqibatida atrofda turgan yettita mashinaga ham jiddiy zarar yetgan. Avtomobil egasining so‘zlariga ko‘ra, u mashinani 28-avgust kuni sotib olgan va hozirgacha atigi 1066 km yurgan. Yongan avtomobil ichida harorat yong‘indan avval 76,4 darajaga yetgani qayd etilgan. Dastlab tutun old o‘rindiq tomondan chiqqan.

Avatr kompaniyasi unga bog‘langan va voqeani o‘rganishga va’da bergan. Hozircha Avatr, Changan yoki CATL tomonidan rasmiy izoh berilmagan.

Foto: CarNewsChina

Shu bilan birga, bloger Yu Dyanke yong‘inga ehtimoliy sabab sifatida markaziy paneldagi ko‘plab aksessuarlarni ko‘rsatdi. Uning fikricha, ular quyosh nurlarini fokuslab, o‘rindiqdagi haroratni oshirgan bo‘lishi mumkin. Yana bir taxminga ko‘ra, mashina ichidagi atir idishi portlagan bo‘lishi mumkin.

Foto: CarNewsChina

Avatr 06 2025-yil 19-aprelda Xitoy bozoriga chiqqan va bu model bilan bog‘liq birinchi yong‘in hodisasi hisoblanadi. Model CATL ishlab chiqargan Shenxing LFP akkumulyatori (72,88 kVt·soat) bilan jihozlangan. Gibrid versiya — Avatr 06 EREV esa 31,7 va 45,06 kVt·soatli Freevoy LFP akkumulyatorlariga ega. Hozircha yong‘inga akkumulyator sabab bo‘lganiga oid hech qanday dalil yo‘q.

Mashina 219 900 yuandan ($31 910) boshlanadigan narxda taklif qilinmoqda. Narx o‘zgarishsiz qolgan bo‘lsa-da, avtomobilning jihozlari yangilandi. Avatr 07 ikkita variantda sotiladi — BEV (to‘liq elektr) va EREV (generatorli gibrid).