
«Yuksalish» harakati O‘zbekistonda 2025-yil 1-maydan kuchga kirgan yangi bojxona normalariga munosabat bildirdi.
Tashkilot fikricha, jismoniy shaxslar uchun belgilangan yangi boj limitlari, ya’ni $1000 (havo transporti), $500 (temir yo‘l va daryo), $300 (avtomobil va piyoda), $200 (xalqaro kuryerlik), $100 (pochta orqali) — amalda aholiga qo‘shimcha xarajat yuklayapti va bozordagi raqobatga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
«30 foizlik boj bu tovarlarni sun’iy qimmatlashtirib, istе’molchi tanlovining chеklanishi va yirik importchilarning mavqеyi mustahkamlanishiga sabab bo‘ladi. Natijada raqobat pasayishi, narхlar oshib, tovarlar sifati yomonlashishi va kichik hamda o‘rta tadbirkorlar uchun bozorga kirish imkoniyatlari chеklanishi mumkin. Buning oqibatida istе’molchilar tanlov huquqidan mahrum bo‘ladi va sog‘lom bozor rivojlanishi to‘хtaydi», — deyiladi munosabatda.
Harakat bu muammolarga quyidagi yechimlarni taklif qilmoqda:
- boj to‘lovlari, limitlar va stavkalar faqat qonun darajasida belgilanishi kerak;
- tijorat maqsadidagi import va shaxsiy ehtiyoj uchun olib kiriladigan tovarlarni aniq ajratish tizimi yaratilishi lozim;
- 30 foizlik yagona boj o‘rniga mutanosib va bosqichma-bosqich stavkalar joriy etilishi maqsadga muvofiq.
- bojxona tariflari monopoliyani emas, raqobatni qo‘llab-quvvatlashi kerak;
- ichki bozorda raqobat yetarli bo‘lmagan mahsulotlar uchun import shartlarini yengillashtirish lozim;
- 1–2 dona shaxsiy qurilmalar uchun UzIMEI orqali ro‘yxatdan o‘tkazishni bepul qilish taklif etiladi.
Eslatib o‘tamiz, bungacha bojxona organlari iPhone 17 rusumidagi smartfonlarni olib kirishda eng foydali yo‘nalishlar va amaldagi tartiblar bo‘yicha ma’lumot bergandi. Unga ko‘ra, agar telefon uchun xarid cheki yoki kvitansiya mavjud bo‘lsa, bojxona qiymati shu hujjatlardagi narxdan kelib chiqib belgilanadi. Ammo hujjatlar bo‘lmasa, bojxona organlari narxni ishlab chiqaruvchi kompaniyaning rasmiy saytida ko‘rsatilgan qiymat asosida aniqlaydi.
Masalan, iPhone 17 xarid hujjatisiz olib kirilsa, Apple kompaniyasining o‘sha mamlakatdagi rasmiy saytidagi narxdan foydalaniladi.