
Germaniyaning BMW kompaniyasi tomonidan yirik va hashamatli BMW X7 avtomobili tubdan yangilanishga tayyorlanmoqda. Bu haqda Carscoops nashri xabar bermoqda.
Yangi avlod — G67 indeksi ostida ishlab chiqiladi va model tarixidagi eng katta texnik hamda dizayn o‘zgarishlarini olib keladi.

Elektr versiya — BMW iX7
Yangilangan liniyada ilk bor to‘liq elektr versiya — BMW iX7 ham taqdim etiladi. U 800 voltli platforma asosida yaratiladi va 110 kVt/soat sig‘imdagi batareya bilan jihozlanadi. Ikki elektromotorli versiya 463 ot kuchi quvvat ishlab chiqaradi, yuqori darajadagi M70 modifikatsiyasi esa 800 ot kuchigacha yetadi.
Dvigatellar va texnologiyalar
Benzinli versiyalarda 3,0 litrli 6 silindrli B58 turbodvigateli 48 voltli yumshoq gibrid tizimi bilan takomillashtirilgan. Shuningdek, 4,4 litrli V8 S68 dvigateli ham taklif etiladi. Ayrim bozorlar uchun dizel 40d xDrive varianti saqlanib qoladi.

Dizayn va salon yangiliklari
Yangi BMW X7 dizayni Neue Klasse konsepsiyasiga asoslanadi. U soddaligi va texnologik yechimlari bilan ajralib turadi. Salon zamonaviy Panoramic iDrive tizimi, keng panoramali displey va 3D-proeksiya bilan jihozlanadi. BMW an’anaviy iDrive boshqaruv tutqichini bekor qiladi, endi barcha funksiyalar sensorli ekran va ovozli boshqaruv orqali amalga oshiriladi.
BMW X7 G67’ning rasmiy taqdimoti 2026-yil oxiri yoki 2027-yil boshida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ishlab chiqarish jarayoni AQShning Spartanberg zavodida yo‘lga qo‘yiladi.
Yangi avlod X7 bozorda Mercedes-Benz GLS, Audi Q9 va Cadillac Escalade IQ modellari bilan raqobatlashadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan BMW 330 mingdan ortiq avtomobilini qaytarib olayotgani haqida yozgan edi.