Yangiliklar

Yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarning savdosi avtomatik tarzda cheklanadi

2026-yil 1-martdan boshlab
2026-yil 1-martidan boshlab yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarni sotish taqiqlanadi / Foto: CRPT Turon

O‘zbekistonda 2026-yil 1-martdan boshlab yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarning savdosi avtomatik tarzda cheklanadi. Bu haqda «Iste’molchilar huquqlarini samarali himoya qilishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi (PQ–296-son, 6-oktabr 2025-yil) prezident qarorida qayd etildi.

Shuningdek, muddatidan o‘tgan raqamli markirovka mahsulotlariga nazorat-kassa apparatlari orqali xarid cheki chiqarilmaydi.

Bundan tashqari, 2025-yil 15-oktabrdan 2027-yil 1-yanvargacha nоdavlat notijorat tashkilotlari ishtirokida iste’molchilar murojaatlarini ko‘rib chiqish, shuningdek «sirli mijoz» va nazorat xaridi tadbirlari o‘tkaziladi.

Qarorga muvofiq, 2025-yil 1-dekabrdan boshlab «iste’molchi – tadbirkor – nodavlat notijorat tashkilotlar – davlat organlari» o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yuvchi yangi raqamli tizim joriy etiladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri majburiy raqamli markirovka qoidalariga moslikni masofaviy tekshirish tizimi joriy etilishi haqida yozgan edi.