
Tesla kompaniyasi tomonidan Tesla Model 3 Standard avtomobili taqdim etildi. Bu haqda kompaniya saytida ma’lum qilindi. Ushbu modelning narxi $37 mingni tashkil etadi.
Model 3 Standard orqa g‘ildirakdan tortuvchi, bitta elektromotorga ega avtomobil bo‘lib, 517 km masofani bosib o‘ta oladi. 0 dan 100 km/soatgacha tezlashishi 5,8 soniyani tashkil etadi.

Yangi model avvalgi Premium Rear-Wheel Drive versiyasidan $5,5 ming arzon. Unda 18 dyuymli disklar, mat va sun’iy teri bilan qoplangan salon, ammo ventilyatsiyali o‘rindiqlar va orqa ekran mavjud emas. Rul qo‘lda sozlanadi, mashina faqat uchta rangda — kulrang, oq va qora ranglarda taklif etiladi.
Premium va sport uslubidagi Model 3 Standard bir zaryad bilan 517 kilometrgacha (EPA bahosiga ko‘ra) yo‘l bosib o‘tadi. Bu natijaga samarali, aerodinamik kuzov dizayni va ixchamroq batareya to‘plami yordamida erishiladi.
Avtomobilning butunlay shishadan yasalgan tom qismi esa har bir o‘rindiqdan panoramali manzarani taqdim etadi.
Model 3 Standard uchun Tesla boshqa turdagi amortizatorlardan foydalangan. Avtopilot tizimining kengaytirilgan versiyasi — Full-Self Driving Supervised — qo‘shimcha $8 ming evaziga sotiladi.

Eng qizig‘i, yangi arzon Model 3’da ko‘zgular elektr sozlamasiz, ya’ni ularni qo‘lda sozlashga to‘g‘ri keladi.
Avvalroq kompaniya Model Y’ning soddalashtirilgan versiyasini taqdim etgan edi. Ushbu elektromobilga ham $37 ming narx belgilangan. Tesla bu siyosati orqali o‘rta segment bozorida ham yirik o‘rin egallamoqchi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Ilon Maskning $1 trillionlik maosh rejasi tanqidlarga uchragani haqida yozgan edi.