AES blokining xavfsizlik tahlili talablari tasdiqlandi

«Atom elektr stansiyasi blokining ehtimoliy xavfsizlik tahliliga qo‘yiladigan» asosiy talablar davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Ushbu talablar loyihalanayotgan, qurilayotgan va foydalanilayotgan AES bloklari uchun ehtimoliy xavfsizlik tahlilini qanday o‘tkazish, uning maqsadlari va natijalaridan foydalanish tartibini belgilaydi.
Ehtimoliy xavfsizlik tahlili AES blokining xavfsizlik ko‘rsatkichlarini hisoblash, og‘ir va katta avariyalar ehtimolini normalar bilan solishtirish, xavfsizlik chora-tadbirlarini belgilash hamda tizimlarni modernizatsiya qilishning taʼsirini baholash uchun o‘tkaziladi.
Tahlil natijalari tizimlar ishonchliligini baholash, nazorat va tekshiruvlarni rejalashtirish, loyiha va loyiha tashqari avariya holatlari ro‘yxatini asoslash kabi maqsadlarda qo‘llanadi. Ehtimoliy xavfsizlik tahlilini o‘tkazish uchun mas’ul tashkilot — AESni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot hisoblanadi.
Avvalroq O‘zbekiston va Rossiya Jizzaxdagi AES qurilishi bo‘yicha hujjatlarni imzolagani haqida xabar berilgandi. Ma’lumotga ko‘ra, birinchi hujjat 2025-yil 20-iyundagi bitimga qo‘shimcha bo‘lib, Jizzax viloyatida 3+ avloddagi ikkita VVER-1000 hamda ikkita RITM-200N reaktorlari asosida AES qurilishi shartlarini belgilaydi. Ikkinchi hujjat esa Rossiyadan yadro yoqilg‘isi, ehtiyot qismlar, montaj va nazorat uskunalarini yetkazib berish bo‘yicha asosiy kelishuvlarni mustahkamlaydi.