
Airbus kompaniyasi o‘zining A320 samolyotlar oilasi bilan tarixiy natijaga erishdi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Kompaniya Boeing 737’ni ortda qoldirib, tarixdagi eng ko‘p yetkazib berilgan yo‘lovchi samolyotiga aylandi. Britaniyaning Cirium firmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 1988-yildan buyon A320 seriyasining 12 260 dona samolyoti mijozlarga topshirilgan.
So‘nggi yillarda Airbus va Boeing tor fuzelyajli yo‘lovchi samolyotlar bozorida keskin raqobat olib borib kelmoqda. Osiyo mintaqasidagi o‘sish, arzon reyslarga bo‘lgan talabning ortishi va yangi aviakompaniyalar paydo bo‘lishi A320 modelini yanada ommalashtirdi.
A320 dasturi 1984-yilda boshlangan bo‘lib, 1987-yilda ilk marta parvoz qilgan. Ushbu samolyotda o‘sha davr uchun yangilik bo‘lgan fly-by-wire elektron boshqaruv tizimi joriy etilgan. Bu texnologiya bugun butun dunyo aviatsiyasida standartga aylangan.
Ma’lumot uchun, 1990-yillarda Boeing o‘zining 737 seriyasini yangilab, 737NG modelini taqdim qildi. Biroq 737 MAX halokatlaridan so‘ng kompaniya jiddiy inqirozga uchradi. Airbus esa shu orada o‘z pozitsiyasini mustahkamlab, dunyodagi eng yirik samolyot ishlab chiqaruvchi kompaniyaga aylandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Uzbekistan Airways samolyotlar parkini 22 taga kengaytirishi haqida xabar bergan edik.