
Buxoro va Navoiyda o‘tkazilgan tekshiruvlarda noqonuniy oltin qazigan 37 kishi qo‘lga olindi. Bu haqda «O‘zA» xabar berdi.
Unga ko‘ra, Buxoro viloyatining Shofirkon tumanidagi Quljuqtov va Navoiy viloyatining Konimex tumanidagi Tovshan tog‘ hududlaridagi «Oltin Kon» MChJga tegishli joylarda begona shaxslar noqonuniy oltin qazib olayotgani aniqlangan.
Davlat xavfsizlik xizmati va viloyat IIB hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 37 nafar shaxs qo‘lga olindi. Ular faoliyat yuritayotgan joydan uchta Ford mashinasi, sakkizta perforator, oltita kompressor va tarkibida oltin moddalari bo‘lgan 400 ga yaqin qop ruda ashyoviy dalil sifatida olindi.
Noqonuniy faoliyat oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 20 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazilgani aniqlandi.
Bundan oldin Navoiy viloyatida joylashgan Pirali oltin koni 99 milliard so‘mga sotilgani xabar qilingandi. Savdolar natijasida konni geologik o‘rganish huquqi NBK 111 kompaniyasiga berildi. Kompaniya kon uchun 99,09 milliard so‘m to‘lashga rozi bo‘ldi. Bu miqdor boshlang‘ich narxdan qariyb 24 baravar yuqori.