
Farg‘ona viloyatida aksiz markasiz tamaki mahsulotlarini noqonuniy savdoga chiqarish holati fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, Departamentning Quva tuman bo‘limi xodimlari bojxona organlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirda fuqaro Chery Tiggo 8 Pro rusumli avtomobilda tamaki mahsulotlarini noqonuniy ravishda tashiyotgani aniqlangan.
Tekshiruv davomida avtomobil saloni va yukxonasidan xorijda ishlab chiqarilgan, kelib chiqishi hamda sifatini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan 7,5 ming quti aksiz markasiz tamaki mahsuloti topilgan. Ularning umumiy qiymati 97 mln so‘mni tashkil etadi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25 va 186-1-moddalari (etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy sotgan shaxslar ushlangani haqida yozgan edi.