Banklar va moliya

Uchinchi chorakda qaysi kompaniyalarning aksiyalari oshdi

2025-yilning uchinchi choragi (iyul – sentabr) bo‘yicha fond bozori natijalari e’lon qilindi
Aksiyalar
Joriy yil uchinchi chorakda qaysi aksiyalar keskin tushdi. Foto: MTrading

Kap Depo investitsion kompaniyasi 2025-yilning uchinchi choragi (iyul – sentabr) yakunlari bo‘yicha fond bozori natijalarini e’lon qildi. Hisobot davrida ayrim kompaniyalarning oddiy hamda imtiyozli aksiyalari sezilarli o‘sishni namoyish etdi.

Reytingda yetakchilikni «Hamkorbank»ning imtiyozli aksiyalari egalladi. Ular chorak davomida 51 foizga o‘sdi. Shuningdek, bank o‘z tarixida ilk bor oddiy aksiyalar bo‘yicha 1,25 so‘mlik dividend to‘langanligi sababli, ularning narxi ham sezilarli ko‘tarildi (22,2%).

Keyingi o‘rinlardan UzAuto Motors (14,6%) va «O‘zsanoatqurilishbank» (imtiyozli 10%, oddiy 21,5%) aksiyalari joy oldi. Bundan tashqari, «O‘zbekinvest» (9,4%), «O‘zRTXB» (7,4%), «O‘zbektelekom» (7,4%), «Aloqabank» (7,3%) va «Trastbank»(5,2%) ham yaxshi o‘sish qayd etdi.

Ahamiyatli jihati shundaki, ba’zi emitentlarning ham oddiy, ham imtiyozli aksiyalari reytingda yuqori o‘rinni egallagan. Kap Depo tahlilchilari buni bitta emitent doirasida turli xil aksiyalar narxlari o‘rtasidagi korrelyatsiya va korporativ yangiliklar fonidagi umumiy ijobiy dinamika bilan bog‘lamoqda.

Bundan oldin 26-sentabrdan 3-oktabrgacha bo‘lgan davrda «Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)da joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning qaysilari qimmatlashib, qaysilari pasaygani haqida xabar berilgandi.

Shu bilan birga, ushbu davrda yuqori likvidli aksiyalar ro‘yxatida biroz o‘zgarish yuz bergandi. Ya’ni «Turonbank» va «Qo‘qon mexanika zavodi» aksiyalari ro‘yxatdan olib tashlandi. O‘z navbatida, «O‘zsanoatqurilishbank», «Biznesni rivojlantirish banki», «Trastbank», «Garant bank», «Dori-Darmon», «Qashqadaryo texnologik transport» va UzAuto Motors aksiyalari qo‘shildi.