Kredit kartalardan assosiz undirilgan foiz va komissiyalar bo‘yicha Markaziy bankka so‘rov yuborildi

Raqobat qo‘mitasi kredit kartalaridan kommunal xizmatlar, ta’lim, tibbiyot, sug‘urta va soliqlar uchun undirilayotgan foiz va komissiyalar bo‘yicha Markaziy bankka so‘rov yubordi.
Unga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda ayrim davlat va nodavlat tijorat banklari kredit kartalaridan foydalanishda ayrim to‘lovlarni naqd pul yechish bilan tenglashtirib, ulardan foiz va komissiya undirayotgani fuqarolarda e’tiroz uyg‘otmoqda.
Shu sababli Raqobat qo‘mitasi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonun asosida Markaziy bankka so‘rov yubordi.
So‘rovda quyidagi masalalar ko‘tarilgan:
- davlat va nodavlat banklar faoliyatini o‘rganish hamda kredit kartalari bo‘yicha foiz siyosatini qayta ko‘rib chiqish;
- iste’molchilar manfaatlarini hisobga olib, asossiz olingan xizmat haqlarini qaytarish choralarini ko‘rish.
Bundan avval Markaziy bank iste’molchilarning huquqlarini buzish holatlari aniqlangani sababli bir qator tijorat banklariga jarima sanksiyasi qo‘llagandi. Xususan, olib borilgan tekshiruvlarda TBC bank, «Davr bank» va «Hamkorbank» shartnomalarida qonunchilik talablariga rioya etilmagani, garov huquqlarining kechiktirib reyestrdan chiqarilgani, ortiqcha foizlar hisoblangani va iste’molchilardan qo‘shimcha to‘lovlar olingani ma’lum bo‘ldi. Natijada Markaziy bank TBC bankka 615 mln so‘m, «Davr bank»ka 931 mln so‘m va «Hamkorbank»ka 955 mln so‘m jarima belgiladi.