
Joriy yilning sentabr oyida Oʻzbekistonga 11,5 ming dona elektromobil import qilindi. Bojxona qoʻmitasining ma’lum qilishicha, bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 3,5 baravar koʻp.
Import qilingan avtomobillarning umumiy qiymati $114,4 millionni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davridagiga nisbatan qiymat jihatdan 7,4 baravarga ko‘p.
Qoʻmita ma’lumotlariga koʻra, yil boshida elektromobil importi past boʻlgan — yanvarda 613 dona, fevralda 942 dona, martda 1,1 mingta keltirilgan, ammo keyinchalik o‘sish kuzatilgan.
Shuningdek, sentabrda $43,6 millionlik 2,4 mingta benzinli yengil avtomobil import qilingan. Biroq gibrid avtomobillar importi kamaygan — sentabrda 240 dona ($9 millionlik) gibrid mashina olib kelingan, bu oʻtgan yilga nisbatan qariyb olti baravar kam.
Umuman olganda, 2025-yilning yanvar – sentabr oylarida Oʻzbekistonga $473 millionlik 40,3 ming dona elektromobil import qilingan. Oʻtgan yilning shu davrida bu koʻrsatkich $182 millionga 16,2 ming dona boʻlgan.
Avvalroq O‘zbekistonda yangi xorijiy avtomobillarni ekologik sertifikatlash tartibi bekor qilingani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, endilikda M (yo‘lovchi tashuvchi) va N (yuk tashuvchi) toifadagi import avtomobillar ekologik sertifikat olish majburiyatidan ozod qilinadi.