O‘zbekistonda sakkiz oy davomida 188,5 trillion so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirildi

2025-yilning yanvar – avgust oylarida O‘zbekistonda jami 188,5 trillion so‘mlik qurilish ishlari bajarildi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 11,5 foiz ko‘p.
Eng katta qurilish hajmi Toshkent shahrida qayd etildi — 56,2 trillion so‘m. Undan keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati (21,4 trln so‘m), Buxoro viloyati (12 trln so‘m), Samarqand va Farg‘ona viloyatlari (har biri 11,5 trln so‘m) joylashgan.
Respublika bo‘yicha eng kam qurilish ishlari Jizzax (5,1 trln so‘m) va Sirdaryoda (3,6 trln so‘m) qayd etildi.
Avvalroq O‘zbekistondagi qurilish obyektlarida QR-kodli pasport o‘rnatish tartibi belgilangani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, pasport qurilish obyektining hududiy inspeksiyada ro‘yxatdan o‘tgan kunidan boshlab buyurtmachi tomonidan obyektning kirish qismiga yoki ko‘rinadigan joyiga majburiy ravishda o‘rnatiladi. U obyekt foydalanishga topshirilgungacha amalda bo‘lishi lozim.