Yangiliklar

O‘zbekistondan Yevropaga aviachipta band qilishlar soni o‘tgan yilga nisbatan 38 foizga oshgan

Aviasales.uz'ning Kursiv’ga bergan ma’lumotiga ko‘ra
O‘zbekistondan Yevropaga sayohatlar 38 foizga oshdi. Foto: aviasales

Aviasales.uz’ning Kursiv’ga bergan ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yilning dastlabki to‘qqiz oyida O‘zbekistondan Yevropaga aviachipta band qilishlar soni o‘tgan yilga nisbatan 38 foizga oshgan. Safarlarning o‘rtacha davomiyligi 19 kunni tashkil etgan, bolalar bilan sayohatlar esa yetti foizga ko‘paygan.

Shuningdek, o‘rtacha chipta narxi 6,6 foizga kamayib, $680 dan $635 gacha tushgan. Safarlarda eng ommabop yo‘nalishlar Riga, Frankfurt, Vilnyus, Berlin va Varshava bo‘lib, ular umumiy bandlovlarning yarmiga yaqinini tashkil etgan.

Bunda Riga va Vilnyusga qiziqish mos ravishda 63 va 39 foizga oshgan. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, Boltiqbo‘yi mamlakatlaridan (Latviya, Litva va Estoniya) O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari ham 65,6 foizga ko‘paygan.

«Riga va Vilnyusga bo‘lgan qiziqish faqat turizm bilan bog‘liq emas. Ko‘plab foydalanuvchilarimiz bu yo‘nalishlarga ish, o‘qish yoki yaqinlarini ziyorat qilish uchun uchishmoqda», — dedi Aviasales’ning O‘zbekistondagi regional rahbari Ruslan Bayganurov.

Shuningdek, Myunxen, Vena, Parij, Budapesht va Praga ham eng ommabop yo‘nalishlar o‘ntaligiga kirgan. Ular orasida Parij eng qimmat yo‘nalish bo‘lib qolmoqda, biroq u ham asosan oilaviy sayohatlar bo‘yicha o‘sishni ko‘rsatmoqda. Germaniya esa parvozlar hajmi bo‘yicha yetakchilikni saqlab qolmoqda, ammo Sharqiy Yevropa va Boltiqbo‘yi davlatlariga bo‘lgan qiziqish eng tez o‘sayotgan trendga aylandi.

Avvalroq o‘zbekistonliklar bu yilgi kuz faslida ham ichki, ham tashqi yo‘nalishlarga qiziqishni kuchaytirgani haqida xabar berilgandi. Bunda ichki turizm sezilarli o‘sishda, ya’ni mamlakat bo‘ylab safarlar soni 36 foizga ko‘paygan.