Yangiliklar

O‘zidan ketib qolgan rahbarlarni aslo kechirmaymiz — Zokirjon Almatov Farg‘onadagi maktab direktori bilan bo‘lgan holat haqida

U Ichki ishlar organlari tizimidagi bunday xatti-harakatlarni keskin qoraladi
«Biz faqat qamash uchun yaratilmaganmiz» — Zokirjon Almatov Farg‘onadagi maktab direktori voqeasi haqida
«Biz faqat qamash uchun yaratilmaganmiz» — Zokirjon Almatov Farg‘onadagi tahqirlangan maktab direktori voqeasi haqida. Foto: ijtimoiy tarmoq

Ichki ishlar vazirining maslahatchisi Zokirjon Almatov Farg‘ona viloyati Furqat tumanida ichki ishlar xodimlari tomonidan tahqirlangan maktab direktori bilan bo‘lgan voqeaga munosabat bildirdi.

Almatovning so‘zlariga ko‘ra, ichki ishlar xodimi har qanday sharoitda ham o‘zini tuta bilishi, jahlini jilovlay olishi kerak.

«Jahlni jilovlash nimaligini bilish kerak. Bunday o‘ta ketgan vahshiylikka borish, bu rahbarning qaysidir yo‘llar bilan amalga o‘tirib qolgan deb o‘ylayman. Nega desa, qanday sharoitda ham Ichki ishlar idorasining xodimi o‘zini ushlashni bilishi kerak. Biz bunaqa o‘zidan ketib qolgan rahbarlarni aslo kechirmaymiz. Har bir bo‘lgan yig‘ilishda vazir, vazirlik rahbariyati, viloyat Ichki ishlar boshqarmasining boshliqlari shu narsani talab qiladi. «Jahlingga erk berma, jahlingni jilovla. Odamlarni oldin eshit yaxshilab», deyiladi. Qo‘l ko‘tarsang, boshqa narsa qilsang, bizga jahl qilib, o‘zini osib qo‘yganlar ham bo‘lgan», — deydi u.

Shuningdek, IIV maslahatchisi yig‘ilishda yosh xodimlarga murojaat qilib, insonparvarlik va mehr-muhabbat tamoyillarini unutmaslikka chaqirdi.

«Siz bilan biz faqat qamash uchun yaratilmaganmiz. Tarbiyalash masalasi, insonlarga g‘amxo‘rlik qilish, ularga yordam berish uchun Ichki ishlar idoralari xodimlari bor», — dedi Almatov.

Voqea tafsilotlari

Joriy yilning 17-aprel kuni Farg‘ona viloyati Furqat tumanida maktab direktori Gulira’no Qosimova tanishi bo‘lgan soliq idorasi rahbari oldiga YTHga uchragan turmush o‘rtog‘ini davolatish uchun qarz so‘rab boradi.

Ammo tuman ichki ishlar bo‘limi (IIB) boshlig‘i bir qator xodimlar birga kirib go‘yoki ularni «ushlab olgan»dek kaltaklashga tushadi. Ularni xodimlar oldida yechintirib, video bilan «shantaj» qiladi.

Ma’lum bo‘lishicha, soliq idorasi rahbari va IIB boshlig‘i o‘rtasida avvaldan ziddiyat bo‘lgan. Shu sabab mazkur «shou» orqali u soliq idorasi rahbarini lavozimidan bo‘shattirib, qamatib yubormoqchi bo‘lgan. Maktab direktori esa ushbu jarayonda qurbon bo‘lib qoladi.

Mazkur voqea ommaviy axborot vositalarida tarqalgach, IIB boshlig‘i lavozimidan olindi, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Oliy sud matbuot xizmatiga ko‘ra, Furqat tumani IIB boshlig‘i Akmal Xo‘jayev va IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Jasur Rasulovga oid jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tuman sudida ko‘rib chiqilmoqda. Holat yuzasidan Oliy Majlis Senati ham rasmiy munosabat bildirib, mazkur ish nazoratga olinganini bildirdi.