
Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etganlar uchun kimyoviy kastratsiya o‘tkazishning yangi qoidalarini e’lon qildi. Bu haqda Kursiv Media xabar berdi.
Unga ko‘ra, 17-oktabrdan boshlab, kastratsiya jinoyatchi ozodlikka chiqishidan olti oy oldin qo‘llaniladi. Operatsiyani tayinlash to‘g‘risidagi qarorni sud qabul qiladi.
Jarayon jazoni ijro etish muassasasida yoki probatsiya ostida bo‘lganlar uchun psixiatrik yordam ko‘rsatiladigan ambulator klinikada amalga oshiriladi.
Jazoni o‘tash muddati tugashidan bir yil oldin koloniyadagi ma’muriyat zarur hujjatlarni to‘playdi va ularni sudga yuboradi. Sud maxsus ekspertiza tayinlab, jinoyatchining ruhiy holatini va qayta jinoyat sodir etish ehtimolini baholaydi.
Mazkur chora ruhiy kasallarga nisbatan qo‘llanilmaydi, biroq sud ular uchun oldindan muqobil tibbiy choralarni belgilashi mumkin. Yangi qoidalar 18 yoshdan oshgan va bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikda aybdor deb topilgan barcha shaxslarga taalluqli.
Avvalroq Qirg‘izistonda pedofillarga nisbatan o‘lim jazosi qaytarilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov huquqiy ta’minot boshqarmasi rahbari Murat Ukushevga bu bo‘yicha tegishli qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritishni vazifa qilib qo‘ygan. Keyinroq davlat rahbari o‘lim jazosini qayta joriy etish bo‘yicha yakuniy qarorni xalq referendum orqali qabul qilishini ma’lum qildi.