
Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putinni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
7-oktabr kuni O‘zbekiston davlat rahbari Rossiya prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi. Unda Mirziyoyev Rossiya yetakchisini tug‘ilgan kuni bilan tabriklab, unga sog‘liq, baxt va ishlarida muvaffaqiyat tiladi.
Suhbat davomida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Tomonlar tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sanoat, energetika va qishloq xo‘jaligida yangi loyihalarni ilgari surish, hududlar o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida madaniy va gumanitar sohadagi almashinuvlar faol davom etayotgani ta’kidlandi. Suhbat yakunida rahbarlar xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashib, yaqin kelajakdagi tadbirlar rejasini muhokama qildi.
Avvalroq O‘zbekiston Rossiyadagi migrantlar uchun imtihonlarni soddalashtirishni taklif qilgani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston va Rossiya mehnat bozorini shakllantirishga bag‘ishlangan forumda Behzod Musayev Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonliklar huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning erkin harakatlanishi hamda ish ruxsatnomasini olishdagi murakkab jarayonlarni soddalashtirish masalalarini ko‘tardi.