Yangiliklar

To‘qqiz oyda ishlab chiqarish hajmi 16,3 foizga o‘sdi

Eksport esa $970 mlnga yetdi
To‘qqiz oyda ishlab chiqarish hajmi 16,3 foizga o‘sdi / Foto: Prezident.uz

Shavkat Mirziyoyev elektrotexnika sanoatidagi rivojlanish va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, joriy yilning 9 oyida ishlab chiqarish hajmi 16,3% o‘sib, 34 trln so‘mga, eksport esa $970 mlnga yetdi.

Sohada yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushini oshirish, misni chuqur qayta ishlash va eksportni diversifikatsiya qilish dolzarb vazifa. Shu maqsadda mis xaridida chegirmalar, kredit foizlarining bir qismini qoplash, soliq va bojxona yengilliklari taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Kelgusi yillarda mis ishlab chiqarish hajmi 250 ming tonnaga, 2030-yilga borib 500 ming tonnaga yetishi kutilmoqda. Yangi loyihalar asosida serverlar, sanoat elektronikalari, konditsionerlar, quyosh panellari, nazorat-o‘lchov vositalari va smart-kartalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Umuman, $2,1 mlrdlik 157 ta loyiha orqali 14,5 ming yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Milliy mahsulotlarni xalqaro bozorlarga chiqarish imkoniyatlari kengaymoqda. O‘zbekiston standartlar instituti Xalqaro elektrotexnika komissiyasi baholash sxemasiga a’zo bo‘ldi, bu 53 davlatda mahsulotlarimiz sertifikatlarini tan olish imkonini beradi. Yevropalik hamkorlar bilan muvofiqlik tizimi joriy etilib, mahsulotlarga «CE» belgisi beriladi, eksport hajmi kamida ikki barobar oshadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil etilishi haqida yozgan edik.