
Poytaxtning Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlari hududidan o‘tuvchi bir nechta ko‘chalarda yo‘l ta’mirlash ishlari olib boriladi. Bu haqda Toshkent shahri hokimligi axborot xizmati ma’lum qildi.

Xususan, Yangi O‘zbekiston ko‘chasi (Ohangaron shossesidan D012 avtomobil yo‘ligacha bo‘lgan qism), Jasorat ko‘chasi hamda Do‘stlik ko‘chalarida avtomobil yo‘lining yuqori qatlamiga PSHMA-20 turdagi asfalt-beton qoplamasi yotqiziladi.
Shu munosabat bilan 2025-yil 8-oktabrdan 20-oktabrga qadar ushbu yo‘nalishlarda transport harakati qisman cheklanadi.

Hokimlik haydovchilardan vaqtincha noqulayliklar uchun uzr so‘rab, harakatlanishda muqobil yo‘llardan foydalanishni tavsiya etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahridagi Maxtumquli ko‘chasining bir qismi noyabrgacha yopilgan edi.