Transport harakati vaqtincha cheklangan Toshkentning ayrim ko‘chalari, ko‘mirni ortda qoldirgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari — 8-oktabrda yuz bergan muhim hodisalar

Transport harakati vaqtincha cheklangan Toshkent, ko‘mirni ortda qoldirgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari — 8-oktabrda yuz bergan muhim hodisalar Kursv Uzbekistan dayjestida.
Toshkentda ayrim ko‘chalarda transport harakati vaqtincha cheklanadi
Poytaxtning Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlari hududidan o‘tuvchi bir nechta ko‘chalarda yo‘l ta’mirlash ishlari olib boriladi. Bu haqda Toshkent shahri hokimligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Xususan, Yangi O‘zbekiston ko‘chasi (Ohangaron shossesidan D012 avtomobil yo‘ligacha bo‘lgan qism), Jasorat ko‘chasi hamda Do‘stlik ko‘chalarida avtomobil yo‘lining yuqori qatlamiga PSHMA-20 turdagi asfalt-beton qoplamasi yotqiziladi.
Airbus A320 tarixdagi eng ko‘p yetkazib berilgan samolyotga aylandi
Airbus kompaniyasi o‘zining A320 samolyotlar oilasi bilan tarixiy natijaga erishdi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Kompaniya Boeing 737’ni ortda qoldirib, tarixdagi eng ko‘p yetkazib berilgan yo‘lovchi samolyotiga aylandi. Britaniyaning Cirium firmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 1988-yildan buyon A320 seriyasining 12 260 dona samolyoti mijozlarga topshirilgan.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari ilk bor ko‘mirni ortda qoldirdi

Dunyo bo‘yicha quyosh va shamol stansiyalari kabi qayta tiklanuvchi energiya manbalari tarixda ilk bor ko‘mirga qaraganda ko‘proq elektr energiyasi ishlab chiqardi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Ember hisobotiga ko‘ra, 2025-yil yanvar – iyun oylarida qayta tiklanuvchi manbalar orqali 5 072 teravatt-soat (TVt⋅soat), ko‘mir orqali esa 4 896 TVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan.
Qoraqalpog‘istonda 2 milliard dollar qiymatidagi 27 ta loyiha amalga oshiriladi
Yaqin yillarda Qoraqalpog‘istonda $2 milliardga yaqin 27 ta loyiha amalga oshiriladi. Bu haqda Saida Mirziyoyeva o‘z Telegram kanalida xabar berdi.
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 7-oktabr kuni Nukusda bo‘lib, yangi investitsiya va infratuzilma loyihalari bilan tanishdi. Unga ko‘ra, so‘nggi ikki yilda Qoraqalpog‘istonda 64 ta loyiha ishga tushib, besh mingdan ortiq odamlar ish bilan ta’minlandi. Yaqin yillarda esa qiymati $2 milliardga yaqin yana 27 ta loyiha amalga oshirilishi kutilmoqda. Bu orqali salkam 10 ming kishi ish topadi.
Sun’iy intellektni rivojlantirish aylansi tashkil etiladi — Shermatov

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov «O‘zbekiston24» telekanaliga bergan intervyusida prezident sun’iy intellekt (SI) sohasidagi ta’limni yanada rivojlantirish, jumladan, vazirliklar, hokimliklar va oliy o‘quv yurtlari rahbarlarini o‘qitish, shuningdek, yangi o‘quv dasturlarini yaratish bo‘yicha topshiriqlar berganini qayd etdi.
O‘zbekistonda yil boshidan beri oltin quymalari narxi 40 foizga oshdi

O‘zbekistonda yil boshidan beri oltin quymalari narxi 40 foizga oshdi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
8-oktabr holatiga ko‘ra, 5 grammli oltin quyma 7,921 mln so‘m, 10 grammli quyma 15,842 mln so‘m, 20 grammli quyma 31,684 mln so‘m, 50 grammli quyma esa 79,210 mln so‘mni tashkil qilmoqda. 100 grammli quyma narxi esa 158,420 mln so‘m etib belgilandi.
Farg‘onada noqonuniy tamaki mahsulotlari savdosining oldi olindi
Farg‘ona viloyatida aksiz markasiz tamaki mahsulotlarini noqonuniy savdoga chiqarish holati fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, Departamentning Quva tuman bo‘limi xodimlari bojxona organlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirda fuqaro Chery Tiggo 8 Pro rusumli avtomobilda tamaki mahsulotlarini noqonuniy ravishda tashiyotgani aniqlangan.
AES blokining xavfsizlik tahlili talablari tasdiqlandi
«Atom elektr stansiyasi blokining ehtimoliy xavfsizlik tahliliga qo‘yiladigan» asosiy talablar davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Ushbu talablar loyihalanayotgan, qurilayotgan va foydalanilayotgan AES bloklari uchun ehtimoliy xavfsizlik tahlilini qanday o‘tkazish, uning maqsadlari va natijalaridan foydalanish tartibini belgilaydi.
Qozog‘istonda pedofillar ozodlikka chiqishidan yarim yil oldin kastratsiya qilinadi

Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etganlar uchun kimyoviy kastratsiya o‘tkazishning yangi qoidalarini e’lon qildi. Bu haqda Kursiv Media xabar berdi.
Unga ko‘ra, 17-oktabrdan boshlab, kastratsiya jinoyatchi ozodlikka chiqishidan olti oy oldin qo‘llaniladi. Operatsiyani tayinlash to‘g‘risidagi qarorni sud qabul qiladi.
Kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti metall-organik tuzilmalar ixtirosi uchun berildi

2025-yilgi Kimyo bo‘yicha Nobel mukofotini Yaponiyadan Susumu Kitagava, Avstraliyadan Richard Robson va AQShdan Omar Yagi qo‘lga kiritdi. Ular metall-organik karkas (MOK) tuzilmalar deb ataluvchi yangi turdagi molekulyar arxitektura yaratgani uchun taqdirlandi.
Nobel qo‘mitasining ta’kidlashicha, bu tuzilmalar katta bo‘shliqlarga ega bo‘lib, molekulalarning kirib-chiqishiga imkon beradi. Ular yordamida cho‘l havosidan suv yig‘ish, suvdagi zararli moddalarni tozalash, karbonat angidridni tutib qolish va vodorodni saqlash kabi muammolarni hal etish mumkin.
Avvalroq 7-oktabrda yuz bergan eng muhim hodisalar haqida yozgan edik.