
TechDroider portali o‘tkazgan batareya sinovida Xiaomi 17 Pro Max batareyasi kutilgan natijani bermadi. 7500 mA/soat quvvatga ega Xiaomi 17 Pro Max atigi 5 daqiqa farq bilan iPhone 17 Pro Max’dan ko‘proq ishlagan.
Sinovda, shuningdek, Galaxy S25 Ultra, Pixel 10 Pro XL, Xiaomi 15 Pro va OnePlus 13 modellari ham taqqoslangan.
Xiaomi 17 Pro Max’ning yirik kremniy-karbonli batareyasi nazariy jihatdan raqiblaridan ancha uzoq ishlashi kerak edi. Ammo amalda u 13 soat 36 daqiqa ishlagan. iPhone 17 Pro Max smartfonining batareyasi esa 13 soat 31 daqiqaga yetgan.

Tadqiqotda smartfonlarning batareya quvvati turli faoliyat turlari orqali sinovdan o‘tkazilgan. Modellar 3 soat davomida PUBG o‘yinida, 3 soat YouTube’da video tomosha qilishda, 1,5 soat internetda foydalanishda, 1,5 soat Instagram’da faoliyat yuritishda hamda 4K formatda video suratga olish jarayonida sinovdan o‘tkazilgan.
Smartfon modeli | Batareya ishlash vaqti |
---|---|
Xiaomi 17 Pro Max | 13 soat 36 daqiqa |
iPhone 17 Pro Max | 13 soat 31 daqiqa |
Xiaomi 15 Pro | 12 soat 31 daqiqa |
OnePlus 13 | 11 soat 56 daqiqa |
Pixel 10 Pro XL | 11 soat 28 daqiqa |
Galaxy S25 Ultra | 11 soat 20 daqiqa |
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Xiaomi 17 smartfonlari O‘zbekistonda qanday narxda sotilishi haqida yozgan edi.