Yangiliklar

2+6 dasturi doirasida til o‘rganishga subsidiya ajratiladi

2025 – 2026-yillarda 20 ming nafargacha yoshlar ushbu imkoniyatdan foydalanadi
2+6 dasturi doirasida til o‘rganishga subsidiya ajratiladi
2+6 dasturi doirasida til o‘rganishga subsidiya ajratiladi. Foto: ijtimoiy tarmoq

Hukumat qarori bilan yoshlarning xorijiy tillarni o‘rganish xarajatlarini qisman qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, 2+6 dasturi doirasida xorijiy til bo‘yicha minimal darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan yoshlar dastlabki ikki oy uchun o‘qish xarajatini o‘z hisobidan to‘laydi. Keyingi olti oy davomida esa bu xarajatlarning bir qismi Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi jamg‘arma mablag‘lari hisobidan subsidiya tarzida qoplanadi.

Subsidiyalar hududlar bo‘yicha quyidagi miqdorlarda belgilanadi:

  • Toshkent shahrida – bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 2 baravarigacha,
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida – BHMning 1,5 baravarigacha,
  • tuman va shaharlarda – BHMning 1 baravarigacha.

Shuningdek, 2025 – 2026-yillarda 20 ming nafargacha yoshlar ushbu imkoniyatdan foydalanadi. 2031-yilgacha esa har yili shuncha yoshga subsidiya ajratilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, subsidiyalar faqat elektron platformada ro‘yxatdan o‘tgan va darslarga qatnashuvni elektron nazorat qilish tizimiga ega o‘quv markazlariga taqdim etiladi.

Avvalroq xorijiy til sertifikatlari endi maktab imtihonlarida ham tan olinishi haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, endilikda xalqaro sertifikatlar maktabdagi yakuniy imtihonlarda ham rasmiy tan olinadi.